Google kompaniyasi vakillari Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurib, qoʻshma oʻquv dasturlari tashkil qilish va startaplarni qoʻllab-quvvatlash orqali axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda yurtimizda “Google I/O”, “Women Techmakers”, “DevFest” “Google Launchpad Accelerator” kabi turli ixtisoslashgan tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Google kompaniyasi vakillari mamlakatimiz dasturchilari bilan hamkorlikni rivojlantirishga oid rejalar haqida soʻzladi. Jumladan, yaqinda Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasidagi taʼlimni yanada rivojlantirish va yurtimizda Google kompaniyasi ishlanmalarini ilgari surish boʻyicha turli tadbirlar oʻtkazuvchi “Tashkent GDG” guruhi tashkil etilgani taʼkidlandi.