Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University)da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan “Davlat ekologik ekspertizasi faoliyatidagi islohotlar: muammo va yechimlar” mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlmay turib loyihalarning bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilishi holatlari, atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallirini ekologik ekspertizadan oʻtkazish uchun arizalarni qabul qilish va amalga oshirish jarayonlari toʻgʻrisida soʻz bordi.
Ekologik ekspertiza rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ekologik ekspertiza obyektini roʻyobga chiqarish mumkinligini aniqlash demakdir.
Qayd etilishicha, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi natijasida xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli, shaffof ekologik baholash tizimi taʼminlanadi hamda oʻziga jalb etuvchan investitsiya muhiti yaratiladi.
Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari, strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini tayyorlash va qabul qilishda davlat va jamoatchilikning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlari koʻrib chiqilishi taʼminlanadi.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil boʻladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, havoni ifloslantiruvchi manbalarning koʻpchiligini alohida idoralar nazorat qila olmaydi, bu esa atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligini koʻrsatadi.
Seminarda havoni ifloslantiruvchi asosiy omillar sanab oʻtildi va vaziyatni yaxshilash boʻyicha qator chora-tadbirlar oʻrtaga tashlandi.
Tadbir soʻngida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Davlat ekologik ekspertizasi markazining “ekologik bogʻ”i tashkil etildi. Unda tadbir ishtirokchilari tomonidan 500 tup manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA