«Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin Yulduz» medali birinchi bora 1995 yili berilgan. Oʻtgan yigirma olti yil ichida ushbu yuksak davlat mukofotini yurtimizdan yuzdan ortiq kishi olishga muyassar boʻldi. Ularning oʻn olti nafari ayollardir. Davlatning yuksak mukofotini oʻn yettinchi boʻlib olish baxti – maqom malikasi Yoʻlchiyeva Munojatxonga nasib qildi.
Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan 4 nafar yurtdoshlarimiz, xususan, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Yoʻlchiyeva Munojatxon Abduvaliyevna ham yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi.
Shu munosabat bilan maqom xanandaligida oʻziga xos maktab yaratgan ustoz sanʼatkorni Oʻzbekiston madaniyat vazirligi vakillari, shaxsan vazir Ozodbek Nazarbekov davlatimiz rahbari nomidan samimiy qutladi.
Jurnalist sifatida kuzatganim shuki, Munojatxon Yoʻlchiyeva oʻz mehnati, sabru-qanoati va ustozlari oʻgiti bilan sanʼat olamiga kirib keldi, elga –yurtga sadoqat bilan xizmat qildi. Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadjon Mirzayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shavkat Mirzayevga nafaqat yaxshi shogird, balki, farzandidek aziz boʻlib qoldi. Bir umr yonlarida hamnafas boʻldi, ularning har bir sabogʻiga ham hayotda, ham ijodda amal qildi. Shuning uchun ham bugungidek muvaffaqqiyatlarga erisha oldi.
Maqom malikasining insoniy fazilati va oʻz kasbiga sidqidildan xizmat qilishi, tinimsiz izlanishlari bugun sanʼatga qadam qoʻygan koʻplab yoshlar uchun ibrat maktabi boʻla oladi.
Oʻzbek xalqining milliy maqomini, shu bilan birga haqiqiy oʻzbek ayoli siymosini butun dunyoga tanitgan, maqom malikasi nomiga munosib boʻlgan Munojatxonim Ylchiyevani Gujum. uz tahririyati shaxsan oʻzimning nomimdan ushbu yuksak unvon bilan chin dildan samimiy muborakbod etamiz!
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist