Hamkorlik uchun istiqbolli sohalar va loyihalar muhokama qilindi

0
151
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida davom ettirdilar. 

Azaliy qadriyatlarimizga asoslangan koʻp qirrali munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilayotgani bizni quvontiradi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Tor doiradagi muloqotimiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta siyosiy iroda mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xalqlarimiz va davlatlarimiz manfaatiga bevosita daxldor boʻlgan barcha masalalarni, nafaqat bugungi kundagi, balki kelgusidagi rejalarimizni ochiq va atroflicha kelishib oldik.

Qadim tuproqlarimiz boʻlmish Oʻzbekistonga kelganimdan, aziz qardoshim Shavkat Mirziyoyev bilan yana koʻrishganimdan mamnun boʻldim, dedi Rejep Tayyip Erdogʻan. Keyingi yillardagi muloqotlarimizdan soʻng iqtisodiy aloqalardagi koʻrsatkichlar oshgani biz toʻgʻri yoʻlda ekanimizdan dalolatdir. Natijalar yaqqol sezilyapti. Turkiyalik ish odamlari Oʻzbekistonga intilyapti. Oʻzbekistonda Turkiya firma va kompaniyalari uchun, sayyohlar harakati uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti.  

Prezidentimizning oʻtgan yili oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega boʻldi.  2017 yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortdi. Joriy yilning birinchi choragida bu koʻrsatkich yana 20 foizga oʻsdi.

Muzokarada yaqin yillarda savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar hamkorlik uchun istiqbolli tarmoqlar va loyihalarni ilgari surdi. 

Oʻzbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida taʼsis etilgan Oʻzbek – Turk savdo uyi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkin.

Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Baku – Tbilisi – Kars temir yoʻli savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi taʼkidlandi. 

Muzokarada investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, turizm, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.