Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!

0
133
marta koʻrilgan.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida, “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida davra suhbati  boʻlib oʻtdi.

Tadbirda  navroʻz bayramini tarannum etuvchi  nazm va navolar yangradi. Davra suhbatida  Xalq taʼlimi aʼlochisi, pedagog, shoira X. Sadinova, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktrisasi, erkin rejissyor M. Mamadaliyeva, Oʻzbekiston teleradikompaniyasi xodimi, jurnalist Sh. Azizov va  Chilonzor MFY faollari, ”Oqila ayollar” harakati yetakchi ayollari tashrif buyurdilar.

Davra suhbatini “Bilim” AKM direktori  N. Karimova ochib, barchani milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimizni aks ettiruvchi Navroʻzi ayyom bilan muborakbod etdi.  Shoira X. Sadinova oʻzining ajoyib, jozibador sheʼrlari bilan davradagilarni bahramand qildi.

Tadbir davomida, mahallalar “Oqila ayol” yetakchilari N. Minbayeva, M. Xamrayevalar chiroyli tilaklarini bildirar ekanlar, anʼanalarimizni ifoda etuvchi qoʻshiqlardan  hirgoyi etib, davraga koʻtaringki kayfiyat ulashdilar.

Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali  drama teatri aktrisasi M. Mamadaliyeva esa doira chalib, dilrabo qoʻshiqlaridan ijro etdi.

Shuningdek, “Navbahor” mahalla raisi I. Sobirov mehmonlarni tabriklab, kelgusida bunday tadbirlarni yana hamkorlikda oʻtkazish davom etishini taʼkidladi. Sh. Azizov barcha ayollarni va onaxonlarni chiroyli sheʼrlar, oʻzining goʻzal qalb soʻzlari ila qutladi.

 Tadbir soʻngida, ”Bilim” AKM mutaxassislari tomonidan tayyorlangan Navroʻz anʼanalarini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

Davra suhbati juda mazmunli va bayramona kayfiyatda oʻtkazilib, yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.                                  

 D. Rahimboboyeva, Toshkent shahar «Bilim» AKM xizmat rahbari

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.