Poytaxtimizda “Yoshlar forumi — 2024” doirasida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining yetakchilari va faollari, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sovrindorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda 250 nafardan ortiq yoshlarimiz ushbu koʻkrak nishoni uchun nomzodlik qilgan boʻlib, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qarori bilan ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sanʼat, jurnalistika, sport, qishloq xoʻjaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda oʻqiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 110 nafar yoshlarga “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni topshirildi.
Tadbir yosh ijrochilar va sanʼat ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA