Hududlar obodligi va aholi salomatligiga daxldor vazifalar belgilab berildi

0
123
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni atrof-muhitni muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori natijasida ilgari boshqaruvchisi va egasi boʻlmagan mazkur sohada yagona tizim shakllandi. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida tashkil qilingan “Toza hudud” korxonalari joriy yilning yetti oyida 49 milliard soʻm daromad olishga erishdi. Joylarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilmoqda. Yil oxirigacha aholini chiqindi tashish xizmati bilan qamrab olish darajasi 62 foizga yetkazilishi kutilmoqda.

Biroq mazkur yoʻnalishdagi ishlar hali yetarli emasligi, yana qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi taʼkidlandi.

Aholini chiqindi tashish xizmati bilan 100 foiz qamrab olish uchun yana 500 ta maxsus texnika sotib olish, sohada davlat-xususiy sheriklik yoʻnalishini keng joriy etish, aholidan toʻlovlarni Majburiy ijro byurosi tomonidan yigʻish boʻyicha topshiriqlar berildi.  

Yigʻilishda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ohangaron tumanida Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi bilan hamkorlikda 55 million dollarlik loyiha boshlangani qayd etildi. Ushbu loyiha natijasida chiqindi poligonidan biogaz olib, 16 megavatt yoki 10 mingta xonadon isteʼmoli uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 

Prezident sohaga xorijiy investorlarni jalb etish, chiqindini qayta ishlash va undan energiya olish boʻyicha yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

“Sohada dunyo tajribasida keng qoʻllanilayotgan “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyili asosida yangi tartib joriy qilish kerak. Yaʼni, mahsulotdan hosil boʻladigan chiqindini utilizatsiya qilish uni ishlab chiqaruvchi korxonalar hisobidan qoplanishi lozim. Bu xarajatlarning odamlarga ogʻirligi tushmasligi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnik bazasini yangilash, boshqaruvda zamonaviy usullarni joriy etish, chiqindi poligonlarini sanitar talablar asosida tartibga keltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Texnikalarni toʻgʻri ekspluatatsiya qilish, ularning joylarga chiqishini elektron boshqarish, xizmatlar uchun tushumlar hisob-kitobini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, kadrlar tayyorlash boʻyicha vazifalar belgilandi. 

Ayrim odamlarda haligacha chiqindini maxsus belgilangan joyga tashlash, oʻz koʻchasi va hududini ozoda saqlash madaniyati shakllanmagani qayd etildi. Shu bois hududlarni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. 

Yigʻilishda mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglanib, tegishli topshiriqlar berildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.

 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.