Hududlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash choralari belgilandi

0
73
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hududiy va ijtimoiy dasturlarda ichimlik suvi taʼminoti alohida oʻrin egallaydi. Bu borada xizmat sifatli va doimiy boʻlishi uchun narx mutanosibligi muhim.

Tahlillarga qaraganda, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 soʻm boʻlgani holda Namanganda qariyb 3 ming soʻmni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 soʻmni tashkil qiladi.

Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika boʻyicha oʻrtacha 27 foiz. Lekin Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatida bu koʻrsatkich yuqori.

Maʼlumki, yurtimizda muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari oʻrnatilmoqda. Lekin, yiliga 880 million kilovatt-soat elektr isteʼmol qiladigan suv taʼminoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emas.

Davlatimiz rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qoʻyar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga oʻtkazish ekanini taʼkidladi.

Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 soʻmdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa oʻrtacha 350-400 soʻm, yaʼni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi boʻsh maydonlarda quyosh panellari oʻrnatish mumkin.

Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.

Suv boʻyicha loyihalar qiymatini qayta koʻrib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.

Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi belgilandi. Loyihaga qancha mablagʻ ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Yigʻilishda bogʻ va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yurtimizda 331 ming gektar bogʻ va 153 ming gektar tokzor bor. Ularda qator oralaridagi yerlarga piyoz, sarimsoq, sabzi, bahor oylarida yeryongʻoq, kartoshka, pomidor va bodring ekilsa, bozorlarimizga qoʻshimcha mahsulot, aholiga daromad boʻladi.

Shu bois viloyatlarda yil yakunigacha 92 ming gektarga toʻqsonbosti usulida sabzavotlar ekish, bunga urugʻlik va suv yetkazib berish chora-tadbirlari belgilandi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari iqlimga mos ekin turlari, agrotexnikasi boʻyicha ilmiy tavsiyalar berib boradi.

Belgilangan chora-tadbirlar suv xoʻjaligi sohasining barqaror ishlashi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga, pirovardida halqimiz farovonligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.   

Yigʻilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining kun tartibidagi masalalar boʻyicha hisobotlari tinglandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.