Hududlarda sanoatni rivojlantirish choralari belgilandi

0
88
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 noyabr kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda tadbirkorlikka yaratilgan sharoitlar tufayli hududlarda kichik ishlab chiqarishlar koʻpaymoqda. Odamlar ish bilan taʼminlanib, bozorbop mahsulotlar tayyorlanmoqda. Lekin dunyodagi hozirgi murakkab vaziyat, transport-logistikadagi uzilishlar bu tarmoqqa ham taʼsir qilayapti.

Joriy yilning 9 oyida yurtimizda sanoat 5,3 foiz oʻsgan. Lekin, 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish kamaygan. Davlat tomonidan mablagʻ ajratilgan boʻlsa-da, 118 ta sanoat zonasiga haligacha infratuzilma olib borilmagan. Eksportda GSP+ imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayapti.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda shu kabi kamchiliklar, sohadagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

 – Sanoat tarmoqlari rahbarlari, hokimlar bu qiyin sharoitda imkoniyat izlashi, ichki zaxiralarni ishga solib, taklif va tashabbus koʻrsatishi kerak. Hamma masalalarni oʻz kuchimiz, mehnatimiz, intilishimiz bilan faqat oʻzimiz hal qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maishiy texnika, gilam, mebel ishlab chiqaruvchilarni kafolatli xomashyo bilan taʼminlash, kam quvvatda ishlayotgan korxonalarga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston oʻtgan yili Yevropa Ittifoqining GSP+ nomli kengaytirilgan preferensiyalar tizimiga qabul qilingan edi. Uning doirasida 6 ming 200 dan ortiq mahsulot turlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkin. Buning uchun davlatimiz tomonidan transport xarajatlariga 70 foizgacha subsidiya ham berilmoqda. Lekin, toʻqimachilik mahsulotlari eksportining 6 foizi, elektr texnikasining 3 foizi, ipak va oziq-ovqatning 1 foizi Yevropaga sotilyapti, xolos.

Davlatimiz rahbari mahalliy korxonalarning xalqaro sertifikatlar olib, tashqi bozorga chiqishiga koʻmaklashish zarurligini taʼkidladi. Kelgusi yilda Yevropaga sanoat eksporti hajmini 700 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi aytildi. 

Mahalliy sanoatning eng katta tarmoqlaridan biri – toʻqimachilik. Soʻnggi yillarda yurtimiz tadbirkorlari bu yoʻnalishni yaxshi oʻzlashtirdi. Shunga qaramay, hali ham chetdan olib kelinayotgan mahsulotlar bor.

Shu bois “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga kamida 50 xil turdagi yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish boʻyicha vazifa qoʻyildi. Bunday loyihalar uchun tijorat banklariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar mablagʻ joylashtiriladi. Yevropa davlatlari, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama va trikotaj mato eksporti uchun transport xarajatlarining 70 foizi qoplab beriladi.

Umuman, toʻqimachilik tarmogʻini yangicha surʼatda rivojlantirish, kelgusi yilda 5 milliard dollarlikdan ziyod eksport qilish boʻyicha dastur qabul qilinadi.

Yana bir keng qamrovli yoʻnalish – qurilish materiallari ishlab chiqarish. Bu tarmoqda mahsulot turi ham, ish oʻrinlari ham koʻp. Shu bois Prezidentimiz bunday korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. Bunga birinchi bosqichda 50 million dollar yoʻnaltiriladi, kreditlar 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan beriladi.

Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, Oʻzbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalari, Angren shahrida chinni idishlar va santexnika buyumlari klasteri tashkil etilishi aytildi.

Bu tarmoqda eksportni 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyildi.

Mebelsozlik bugungi kunda xalq hunarmandchiligi darajasiga koʻtarilgan. Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Fargʻona va Xorazmda 100 ga yaqin mahalla shunga ixtisoslashgan. Prezidentimiz hunarmandlarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu mahallalar atrofida mebel sanoati markazlari tashkil qilish zarurligini taʼkidladi.

Mebelsozlik uchun bojxona imtiyozlari muddatini 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish, bu tarmoqdagi loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Zargarlikda ham imkoniyatlar juda keng. Yurtimizning oʻzida 300 million dollarlik bozor bor. Bu talabni bemalol mahalliy zargarlar qondirishi mumkin. Shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash uchun 1 dekabrdan boshlab, qator yengilliklar belgilandi. 

Jumladan, oltin va kumushga kechiktirib toʻlash uchun barcha banklar va Eksportni ragʻbatlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi. Bu imkoniyat yakka tartibdagi zargarlar uchun ham beriladi. Zargarlik uchun zarur xomashyolarni vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi, qimmatbaho va bezak toshlari bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Yigʻilishda eksportni oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

– Kelgusi yilda eksportni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz. Bundan buyon, tarmoqlarga subsidiyalar eksport hajmiga qarab beriladigan tizim boʻladi. Bugungi yigʻilish natijasi boʻyicha hududiy sanoatni rivojlantirishga qoʻshimcha 300 million dollar va 350 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Koʻzlangan marralarga erishilsa, kelgusi yilda qoʻshimcha 2 milliard dollar eksportni taʼminlash mumkin, – dedi Prezident.

Umuman, kelgusi yilda 8 milliard dollarlikdan ziyod hududiy sanoat mahsulotlarini eksport qilish choralari tahlil qilindi. Oʻzbekistonning elchilariga xorijdan zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalar jalb etish vazifasi qoʻyildi.  

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan sanoat tarmoqlari rahbarlari, hokimlar soʻzga chiqdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.