Hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

0
136
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ortda qolayotgan hududlar masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, hududlar farovonligi va aholi hayot darajasini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilangan.

Ularni samarali amalga oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi. Hududlar va tarmoqlarni kompleks rivojlantirish, ishlab chiqarish kuchlarini mutanosib joylashtirish Iqtisodiyot va sanoat vazirligining, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini taʼminlash, korxona va tashkilotlarning eksport faoliyatini muvofiqlashtirish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi.  

Endi mazkur vazirliklar oʻzaro muvofiq ishlab, bozor talablari asosida mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, hududlar va tarmoqlarni jadal rivojlantirish choralarini koʻradi. 

Bugungi kunda yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada qator loyihalar ishlab chiqilmoqda. 

Davlatimiz rahbari aksariyat loyihalar infratuzilma qulay boʻlgan tumanlarga joylashtirilib, boshqa hududlar eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligini taʼkidladi. 

Yurtimizda oʻttiz ikkita tumanda sanoatning ulushi viloyat koʻrsatkichining 3 foiziga ham yetmasligi tanqid qilindi. Ushbu tumanlarning geografik joylashuvi, xomashyo bazasi, mehnat resurslaridan keng foydalanish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.  

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasiga har bir tuman kesimida qazilma boyliklari zaxirasidan kelib chiqib, ularni sanoatlashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirish vazifasi qoʻyildi. 

266 ming gektar yerning unumdorligi pasayib, foydalanishdan chiqib ketgani qayd etildi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligiga bu joylarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi. 

Qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh tumanlarning logistika, eksport va servis salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi. 

Ijtimoiy-iqtisodiy holati nisbatan orqada boʻlgan tumanlarda kooperatsiya asosida kichik sanoat zonalari tashkil etib, ularda toʻqimachilik, koʻnchilik, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash boʻyicha loyihalarni joylashtirish zarurligi taʼkidlandi. Mazkur tumanlarda ishlab chiqarish va transport infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan dastur qabul qilish vazifasi qoʻyildi. 

Yigʻilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tashkiliy ishlar ham belgilab berildi. 

Avvalo, Bosh vazir oʻrinbosarlari rahbarligidagi ishchi guruh joylarga chiqib, oʻttiz ikkita tumanda har bir yoʻnalish boʻyicha loyihalar ishlab chiqadi. 

– Bu loyihalar aniq boʻlishi: nechta korxona ishga tushadi, qancha infratuzilma quriladi, qancha aholi band boʻladi, degan hamma savollarga javob boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yana bir eʼtiborli jihati, ushbu loyihalarni moliyalashtirish manbalari “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlar bilan bogʻliq holda hal etiladi. Mazkur tumanlardagi kam taʼminlangan oilalarni oʻzini oʻzi band qilish boʻyicha maqsadli dastur amalga oshiriladi. 

Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan hisobot berdi. 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.