Hukumat va vazirliklar oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi

0
178
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 dekabr kuni maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish, Hukumat tarkibi va ish tizimini oʻzgartirish masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2023 yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Yigʻilish avvalida maʼmuriy islohotlardan kelib chiqib, Prezident farmon va qarorlariga muvofiq, lavozimlarga yangi tayinlangan Bosh vazir oʻrinbosarlari va vazirlar eʼlon qilindi. Ular mutasaddi boʻlgan sohalardagi dolzarb masalalar, xalqimiz oldidagi masʼuliyat va javobgarligi koʻrsatib oʻtildi.

Yil murakkab boʻlganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 5 foizdan yuqori surʼatda oshgan. Eksport hajmi 14 foiz oʻsib, 19 milliard dollarni tashkil etgan. Iqtisodiyotga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan.

Ijtimoiy sohada aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor boʻlib qolmoqda. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga chiqdi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga katta mablagʻlar yoʻnaltirildi. 2 milliondan ortiq kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam berilmoqda. Hududlarda taʼlim va tibbiyot maskanlari, ichimlik suvi tarmoqlari, yoʻllar qurilmoqda.

Yigʻilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash boʻyicha vazifalar muhokama qilindi. Xususan, sanoatda 5 foizdan, qishloq xoʻjaligida 3 foizdan va xizmatlar sohasida 14 foizdan ziyod oʻsishga erishish maqsadi belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini oʻrganib, ularning “oʻsish nuqtalari”ni ishga solish vazifalari qoʻyildi. Iqtisodiyotni faqat investitsiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini 23 milliard dollardan oshirish zarurligi taʼkidlandi. Umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.

Transport sohasida yoʻlovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yoʻllarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yoʻllarda servisni koʻpaytirish choralari belgilandi.

Shuningdek, taʼlim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sogʻliqni saqlash va farmatsevtikada korrupsiyani yoʻq qilish, davlat qaramogʻiga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi taʼkidlandi.

– Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda oʻzgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi boʻlib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, – dedi Prezident.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda joriy yilda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.