Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat majmuasiga tashrif buyurdi.
Mazkur majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, 2017 yil iyul oyidagi tashrif chogʻida ham bu yerdagi qurilish ishlari koʻzdan kechirilgan edi.
Ikki gektardan ziyod maydonni egallagan ushbu majmua soʻlim bogʻ, muzey va maktab-internatni oʻz ichiga olgan.
Shavkat Mirziyoyev Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni kirib koʻrdi.
Prezidentimiz bu maktabga alohida eʼtibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki Ibrat bobomiz dunyoviy bilimlarni chuqur oʻrgangan ziyoli boʻlgan, yettita tilni bilgan. “Olti tilli lugʻat”, “Xatlar majmui”, “Tarixi Fargʻona”, “Tarixi madaniyat”, “Zamon tarozusi» kabi oʻndan ortiq ilmiy-tarixiy hamda maʼrifiy asarlar yaratgan. 1886 yilda zamonaviy maktab ochgan. 1907 yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, qishloq bolalarini oʻqitgan.
Isʼhoqxon Ibrat oʻlkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908 yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qoʻqongacha poyezdda, Qoʻqondan Toʻraqoʻrgʻonga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va oʻz hovlisida “Isʼhoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona oʻtgan asrning 60-yillarigacha faoliyat koʻrsatib kelgan va u yerda oʻtgan davr mobaynida bir qator ilmiy-maʼrifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Fargʻona vodiysi boʻylab oʻnlab kitob doʻkonlari tashkil etilgan.
Shavkat Mirziyoyev shunday maʼrifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi maktab har tomonlama namunali boʻlishi, bir nechta xorijiy tillarni bilgan zamonaviy kadrlarni tarbiyalashi zarurligini taʼkidladi.
«Til bilish bu — boylik. Til bilgan inson dunyoni biladi, hech qachon kam boʻlmaydi. Ota-bobolarimiz shunday boʻlgan, bu bizning qonimizda bor. Yoshlarimizda shunday intilishni uygʻotishimiz kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy tillar boʻyicha ilmiy ishlar qilish, til oʻrgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.
Maktabda ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi oʻqitiladi. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Dars jarayoniga chet ellik koʻngillilar ham jalb etiladi.
Prezidentimiz Ibrat maktabini aʼlo baholarga bitirgan oʻgʻil-qizlarni oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida oʻqitish boʻyicha topshiriq berdi.
«Ibrat maktabi nafaqat Namangan viloyati, balki butun mamlakatimizga xizmat qilishi kerak. Bu yerdagi sharoitlarni, oʻquvchilarning bilimini koʻrib, hamma ota-onalar havas qilsin. Xohlasa, yoshlar boshqa viloyatlardan kelib oʻqisin», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Isʼhoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishdi. Majmuadan oʻrin olgan ayvonda viloyat ziyolilari bilan suhbatlashdi.