“Ibrat” rukni: Dilafroʻz Joʻraboyeva

0
53
marta koʻrilgan.

Yosh boʻlishiga qaramasdan oʻz hayot yoʻlini mamnuniyat bilan bosib oʻtayotgan, tobora kamolot sari intilayotgan Dilafroʻz Joʻraboyeva allaqachon oʻzining kelgusi rejalarini aniq belgilab olgan.

“Ibrat” ruknining bugungi qahramoni Dilafroʻz Joʻraboyeva Fargʻona viloyatidagi 10-maktabning 11-sinf oʻquvchisi. U IT sohasida juda muvaffaqiyatli  ishlarni amalga oshirib kelayotgan qizlardan. Ayni damda u maktab oʻquvchisi boʻlishiga qaramasdan turli xalqaro kompaniyalarda frilanser sifatida faoliyat olib boradi.  

Dilafroʻz “Microsoft” kompaniyasining yoshlarga moʻljallangan “Microsoft Learn Student” Ambassadori boʻlishga muvaffaq boʻldi. Endilikda u “Microsoft” kompaniyasining Oʻzbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib borib, oʻzbekistonlik yoshlarni  IT yoʻnalishiga jalb qilishga hissa qoʻshadi.  

– Yoshlik davri inson kelajagini hal qiluvchi davr, deb atalishi bejiz emas, – deydi Dilafroʻz biz bilan suhbatda. – Xalqaro ekspert Robert Eriksonning aytishicha, ayollar anʼanaviy ravishda uy-roʻzgʻor ishlari uchun erkaklardan koʻra koʻproq masʼuldir. Ayollarning oʻqimishli ekani oila turmush tarzi uchun erkakning taʼlimidan koʻra koʻproq ahamiyatli. Aslida Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida joylashgan olis qishloqlardan birida tavallud topganman. Boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan kezlarim birinchi chorak  baholarim juda past chiqqan. Shunda ota-onam meni katta shaharda joylashgan maktablarda oʻqitishga qaror qilishgan. Dadam – usta, onam – uy bekasi. Oilamiz daromadi katta boʻlmagan. Lekin ota-onam mening taʼlim olishim, narxi baland kurslarda oʻqib, oʻz ustimda ishlashim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Onam kechalari uxlamasdan men bilan birga dars tayyorlardi. Hatto men bilan birgalikda IT yoʻnalishini ancha-muncha oʻzlashtirib olgan.  

Mamlakatimizda har yili oʻrta maktablarni yuzlab iqtidorli, orzulari bir olam boʻlgan oʻquvchi qizlar bitiradi. Bilasizmi, qizlar uchun eng katta ragʻbat ota-onaning ishonchi va qoʻllab-quvvatlashidir. Oilasidan ruhan kuch olgan har bir qiz yuksak marralarni zabt eta oladi.  

“Microsoft Learn Student” dasturi yoshlarga rivojlanish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Ambassador boʻlish orqali Dilafroʻz texnologiya sohasida bilim va tajribasini oshiradi. Ushbu dastur kompaniyaning yoshlarga moʻljallangan loyihasi boʻlib, u kompaniyaning butun dunyo boʻylab texnologiya sohasida bilimli, faol va intiluvchan yoshlarini saralab oladi.  

– Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi, –deydi Dilafroʻz. – Texnik tomondan bilimlarim yaxshi boʻlgani uchun meni nominatsiyaga qoʻyishdi. Bir yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni aʼlo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri sunʼiy intellekt texnologiyasi boʻyicha berilgan 30 ta moduldan iborat dars va topshiriqlar boʻldi. “Microsoft” kompaniyasi bilan kechgan ilk suhbatimiz omadsiz yakun topgan. Imtihondan oʻta olmaganim meni umidsizlikka tushirmagan, aksincha men yanada koʻproq harakat qilganman.  

Bundan tashqari Ambassadorlar uchun Amerikaga viza olish va sayohat qilish imkoniyati yaratiladi. Talaba tomonidan yoshlar uchun oʻtkaziladigan tadbirlarga homiylik beriladi. Ayni damda Dilafroʻz Yandex boʻyicha oʻqish va stajirovkaga topshirgan. Sinovlardan yaxshi oʻtsa, Yandexning katta loyihalariga qoʻshilish imkoniyatiga ega boʻladi.  

Joriy yilda Dilafroʻz IT-Star tanlovida ishtirok etib, Oʻzbekistondagi eng yaxshi va faol IT sohasidagi 46 nafar xotin-qiz qatoridan joy olgan. ICT4 Girls olimpiadasining Oʻzbekistondagi “Competitive Programmer”, yaʼni sport sohasidagi dasturchi qizlar olimpiadasida ishtirok etib, Oʻzbekistondagi TOP-12 ta sport dasturchi qizlar jamoasiga qoʻshilgan.  

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.