Ichimlik suvi boʻyicha loyihalar taqdimot qilindi

0
154
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ichimlik suvi aholi salomatligi, hayot sifatini taʼminlashda muhim manba. Shu bois bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, manzilli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2022 yillarda 12 trillion soʻm evaziga 25 ming 300 kilometrdan ortiq tarmoqlar, 1 ming 800 dan ziyod suv inshootlari qurilgan va qayta tiklangan. Natijada 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand boʻlgan, 4 milliondan ziyod insonning suv taʼminoti yaxshilangan. Umuman, bugungi kunda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 70 foizni tashkil etmoqda.

2022-2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida markazlashgan ichimlik suvi qamrovini 87 foizga yetkazish, 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimini yangilash maqsadi belgilangan. Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida rejalashtirilgan loyihalar shuning bir qismidir.

Davlatimiz rahbari aynan shu hududlarga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Sababi Chust, Pop, Namangan va Muzrabotda ichimlik suvi taʼminoti 50 foiz boʻlib, ahvoli qolgan tumanlarga nisbatan ogʻir. Mavjud tarmoqlar ham eskirgan. Suv qattiqligi 1,5 baravar oshgani uchun oshqozon-ichak va urologiya kasalliklari koʻpaygan.

Yangiyoʻl, Angren, Chirchiq, Olmaliq va Bekobod shaharlarida oqova suv qamrovi 60 foizga ham bormaydi. Bu koʻrsatkich Chust va Chinoz tumanlarida 3 foiz boʻlsa, Mingbuloqda umuman yoʻq. Oxirgi yillarda ushbu tuman va shaharlarda koʻplab uy-joylar qurilib, aholi soni yana oʻsgan.

Taqdimotda mutasaddilar mazkur uchta loyiha boʻyicha axborot berdi.

Bu loyihalar Surxondaryoning Muzrabot tumani, Namanganning 4 ta tumani, Toshkent viloyatining 7 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi. Ular doirasida 660 kilometr ichimlik va oqova suv tarmogʻi, 4 ta suv olish, 7 ta suv tozalash, 12 ta oqova suv stansiyasi barpo etiladi. Jami 1 million 200 ming nafar aholi ehtiyojini qamrab oladi. Jumladan, 590 ming nafar aholi ilk bora ichimlik va oqova suv xizmati bilan taʼminlanib, 595 ming nafarining suv sharoiti yaxshilanadi.

Loyihalarning texnik-iqtisodiy jihatlari muhokama qilinar ekan, Prezidentimiz “ular uchun suv manbai yetarlimi” deya savol qoʻydi. Loyihalar doirasida kamida 30 yilga yetarli suv zaxirasini yaratish zarurligini taʼkidladi.

Qurilish tannarxini arzonlashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi. Jumladan, xaridlarni 80 foiz mahalliylashtirib, 10 foiz iqtisod qilish mumkinligi aytildi.

Yana bir muhim masala – sarflangan mablagʻlarning qaytimini taʼminlash. Chunki koʻp joylarda ichimlik suvi uchun toʻlov tushumi toʻliq emas. Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatida debitor qarzdorlik 210 milliard soʻmga yetgan.

Shu bois energiya tejamkor uskunalardan foydalanib, suv yetkazib berish xarajatlarini qisqartirish, yoʻqotishlarni kamaytirish vazifasi qoʻyildi. Barcha jarayonlarni raqamlashtirish, mahallabay ishlab, toʻlovni taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.