Ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar muhokama qilindi, qoʻshimcha vazifalar belgilandi

0
190
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida   hududlarda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

2018 yil 30 noyabrda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Soʻnggi ikki yilda bu sohaga byudjetdan 3,7 trillion soʻm ajratilgan. Bundan tashqari, 48 ta loyihaga 1,9 milliard dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, uch yil ichida 3 million 600 ming aholiga suv yetkazish rejalashtirilib, mablagʻ masalasi hal qilib berilgan boʻlsa-da, barcha muammolar oxirigacha oʻz yechimini topmagan.

Loyihalarni tanlashda joylardagi holat, aholining talabi va mavjud suv manbalari toʻliq oʻrganilmayapti. Kredit qaytimi byudjet zimmasiga tushayotgani tarmoq va hudud rahbarlarini jiddiy oʻylantirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish va xorijiy kreditlarni qaytarishdagi muammolarni koʻrsatib, yangi qurilgan suv tarmoqlaridan toʻliq foydalanish, kelgusi yildan boshlab barcha loyihalarda ichimlik suvini xonadonlargacha ulash zarurligini taʼkidladi.

Isteʼmolchilar suv tarmogʻiga ulanmagani sababli daromadlar olinmayotgani uchun masʼul rahbarlarning ishi tanqid qilinib, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakuniga qadar jami 2,5 million isteʼmolchini tarmoqqa ulash vazifasi qoʻyildi.

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni ishlab chiqishdan tortib, ishga tushirishgacha boʻlgan jarayonni monitoring va nazorat qiladigan, natijadorlikka soha mutasaddilari bilan birga hokimlar ham javob beradigan tizim yaratish lozimligini koʻrsatib oʻtdi.

Buning uchun hududiy suv taʼminoti korxonalarida kuzatuv kengashlari tuzilib, ularga viloyat hokimlarining shaxsan oʻzlari rahbarlik qiladi. Hokimlar loyihalar sifatli bajarilishiga, mablagʻning maqsadli sarflanishiga va olingan kredit qaytimiga bir xilda javob beradi. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ loyihalarni har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, hokimlar va aholi bilan maslahatlashib shakllantiradi.

Har bir loyihaning borishi viloyat va tuman kengashlari deputatlari tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganib boriladi. Ichimlik suvi tariflarini tasdiqlash ham xalq deputatlari viloyat kengashlari vakolatiga oʻtkaziladi.

Sohada loyihalashtirish ishlarini toʻliq qayta koʻrib chiqish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga suv va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish sxemasini hududlar bosh rejalari hamda ichimlik suvi manbalariga uzviy bogʻlagan holda ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Prezident energiya tejamkor kichik loyihalarni amalga oshirish yaxshi samara berishini taʼkidladi.

Andijon viloyati Ulugʻnor tumanidagi tajriba loyihasi bunga misol. Unga koʻra, ichimlik suvi qudugʻiga 5 kilovattli quyosh elektr stansiyasi oʻrnatish orqali 2 ming nafar aholi suv bilan taʼminlanadi. 52 million soʻmlik bu loyiha yiliga 44 ming kilovatt elektr energiyasini iqtisod qilish evaziga uch yilga bormay oʻzini oʻzi qoplaydi.

Markazlashgan suv manbasidan uzoq, elektr tortib borish katta xarajat talab qiladigan hududlarda shunday loyihalarni koʻpaytirish kerakligi tayinlandi.

Sohada investitsiyalarni oʻzlashtirishda qoloqlikka yoʻl qoʻymaslik uchun xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha xaridlar ochiq oʻtkaziladigan va ularning ijrosi muvofiqlashtirib, samarali monitoringi yuritiladigan yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. 

Gidroinshootlarda suv oʻlchagichlar, isteʼmolchilarda hisoblagichlar oʻrnatish qamrovini kengaytirib, ulardagi maʼlumotlarni qayta ishlovchi raqamlashtirilgan markaz tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Suv quvurlaridagi yoʻqotishlar ham koʻp, dedi davlatimiz rahbari. Baʼzi joylarda ichimlik suvi sifati standartga javob bermasligi aniqlangan. Bu muammolarni hal etishda Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati sezilmayapti.

Shuning uchun sohaga xususiy sektorni faol jalb qilish, unga subsidiyalar va boshqa sharoitlar orqali jozibadorlikni oshirish mumkinligi qayd etildi. Tarifni belgilash hududlarning oʻziga berilayotgani bunda katta imkoniyat.

Videoselektor yigʻilishida uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Shirkatlarning muammoli qarzdorligini qisqartirish, koʻp qavatli uylar boshqaruvini servis kompaniyalariga berish tajribasini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Kuz-qish mavsumida uzoq hududlarga koʻmir va suyultirilgan gazni kafolatlangan tarzda yetkazib berish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.  

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, takroriy ekinlarni koʻpaytirib, ularni xarid qilish va gʻamlash chora-tadbirlari belgilandi. 

Kam taʼminlangan oilalar ahvoliga alohida eʼtibor qaratish, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 30 mingta muhtoj oilani kuz-qish mavsumi uchun zarur oziq-ovqat va dori-darmon zaxirasi bilan taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlari hisobot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.