Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni hududlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Barcha ijtimoiy dasturlarda bu masalaga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Oxirgi besh yilda mazkur sohaga 10 trillion soʻm yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar koʻp mablagʻ ajratildi. Bu davrda 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Jumladan, oʻtgan yili 474 ta suv inshooti qurilib, 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortilgan. 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv taʼminoti yaxshilangan.
Lekin, hali bu masalada qiynalayotgan mahallalar koʻp. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi taʼminoti 60 foizdan kam. Gʻuzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, Gʻallaorol va Xatirchi tumanlarida bu koʻrsatkich 30 foizga ham yetmaydi.
Shu bois, kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trillion soʻm investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi taʼminotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilda bu maqsadlar uchun byudjetdan 2 trillion soʻm ajratiladi, 245 million dollar jalb etiladi.
Davlatimiz rahbari asosiy eʼtibor suv taʼminoti va sifati past hududlarga qaratilishini taʼkidladi.
Xususan, 1 ming 545 ta mahallada markazlashgan suv tarmogʻi yoʻq. Mutasaddilarga ulardagi imkoniyatlarni oʻrganib, uch xil yoʻnalishda ishni tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Avvalo, infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortiladi. Ikkinchidan, yerosti suvi yaqin va toza boʻlgan joylarda quduq qazilib, suv inshooti quriladi. Uchinchi yoʻnalishga koʻra, quduq qazish va quvur tortish imkoni boʻlmagan qishloqlarda katta sigʻimli hovuz barpo etilib, suv tashib keltiriladi.
Bu ishlarga xususiy sektorni jalb qilish choralari ham belgilandi. Qayd etilganidek, suv inshootlari qurish, maxsus transport va uskunalar xarid qilish uchun kredit foizining 14 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi. Import qilinadigan uskunalar va texnikalarga bojxona bojlari bekor qilinadi. Xususiy sektor ishtirokidagi suv taʼminoti korxonalariga foyda, yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz boʻladi. Mahallalarda xususiy suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovlar miqdori mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Shulardan kelib chiqib, ijtimoiy buyurtma va xususiy sheriklarni tanlash hamda moliyalashtirish tartibini soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.
Ichimlik suvi taʼminoti koʻrsatkichi respublika boʻyicha eng past – 43 foiz boʻlgan Qashqadaryo viloyati boʻyicha alohida dastur qabul qilish vazifasi qoʻyildi.
Kelgusi ikki yilda 2 mingta bogʻcha, maktab va tibbiyot muassasalarini ichimlik suvi bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlanib, buning moliyaviy manbalari belgilandi.
Maʼlumki, bu sohadagi loyihalar, asosan, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining injiniring kompaniyalari tomonidan ishlab chiqiladi. Endi bunday ishlarni jadallashtirish uchun jamiyatning hududlardagi injiniring kompaniyalari viloyat hokimliklari tasarrufiga oʻtkaziladigan boʻldi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, pudratchilarni aniqlash va moliyalashtirishni ochish ham viloyatning oʻzida boʻladi. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati loyihalarga texnik talablarni belgilaydi, ekspertizadan oʻtkazadi hamda ekspluatatsiyasiga masʼul boʻladi.
Yigʻilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda 8 mingta suv qudugʻidan 1 ming 500 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv taʼminoti yomonlashgan. Zomin, Nurota va Qoʻshrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari oʻzanidan qum-shagʻal olish nazoratsiz, pala-partish boʻlgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.
Shu bois, bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burgʻilash ishlari faqat Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Mutasaddi idoralarga quduqlarni xatlovdan oʻtkazish, daryo boʻylarini qattiq tartibga olish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Tumanlarda ekspluatatsiya tizimini yaxshilash ham dolzarb masala. Koʻp tumanlarda buning uchun zarur birorta texnika yoʻq.
Shu bois, tuman suv taʼminoti tashkilotlarining imkoniyatini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Unga koʻra, bu sohada pullik xizmat turlarini belgilash vakolati va ular boʻyicha tushumlar toʻliq tuman suv taʼminoti tashkilotlariga oʻtkaziladi. Ichimlik suvi tarmoqlarini taʼmirlash, avariya holatlarini bartaraf etish hamda maxsus texnika xaridi uchun tuman va shahar byudjetlaridan mahalliy “Suvtaʼminot” korxonasiga mablagʻ ajratish tizimi joriy etiladi.
Buxoro, Jizzax, Guliston, Shirin, Yangiyer kabi 28 ta yirik va oʻrta shaharda kanalizatsiya tarmogʻi qamrovini kengaytirish boʻyicha ham topshiriqlar berildi. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida lokal oqova-tozalash inshootlarini qurish zarurligi aytildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hokimlar soʻzga chiqdi.