Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi

0
85
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 sentyabr kuni aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda aholi salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan koʻplab ijtimoiy, hududiy dasturlar bajarilmoqda. Xususan, soʻnggi olti yilda ichimlik suvi sohasiga davlat byudjetidan 14 trillion 500 milliard soʻm yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar koʻp mablagʻ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari oʻtkazilgan, 1200 ta suv inshootida qurilish-taʼmirlash boʻlgan. Bu ishlar natijasida mingta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.

Lekin, hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash talab etiladi. Ular uchun toza suv manbasini topish zarur.

Koʻp hollarda suv behuda yoʻqotilayapti, isteʼmolning aniq hisobi yoʻq. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va taʼmirlash vazifasi qoʻyildi. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand boʻladi, 2 mingta mahalladagi taʼminot yaxshilanadi.

Viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelgusi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritish topshirildi. Bunda suv taʼminoti darajasi past 30 ta tumanga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Qoʻshrabot tumanida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, Buxoro va Jizzax shaharlarida oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishi koʻrib chiqildi.

Buxorodagi ishlar xarajati maqbullashtirilgani bu borada namuna. Xususan, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish boʻyicha 281 million dollarlik loyihaning 75 million dollari iqtisod qilingan. Bu mablagʻ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkin.

Shu kabi loyihalarning xarajatlarini maqbullashtirish, iqtisod qilingan mablagʻlarni oʻsha hududdagi suv taʼminoti va oqova tizimini yaxshilashga yoʻnaltirish muhimligi aytildi.

Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga yana 24 ta istiqbolli loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Suv yetkazuvchi nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, soha korxonalarini moliyaviy barqarorlashtirish choralari ham belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.