Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!
Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!
Muhtaram faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz – Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning oʻz zimmangizdagi gʻoyat muhim vazifalarni masʼuliyat bilan ado etib kelayotganingizni alohida taʼkidlashni istardim.
Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng quyi boʻgʻindagi vaziyat va muammolarni chuqur oʻrganish asosida har qaysi mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etildi. Endi profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol aʼzosiga aylanib, vaziyatni xonadonlar kesimida oʻrganadi. Birinchi navbatda, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabr koʻrish ehtimoli yuqori boʻlgan fuqarolarni aniqlab, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda hal etish choralarini koʻradi.
Eng muhimi, joylarda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni sogʻlom turmush tamoyillari asosida tarbiyalash orqali ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish boʻyicha amaliyot yoʻlga qoʻyiladi.
Biz Yangi Oʻzbekiston sharoitida “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yoʻlda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur. Bu borada oʻtgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz.
Ichki ishlar organlari sohasiga raqamli texnologiyalar, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalariga asoslangan zamonaviy ish yuritish vositalari, sunʼiy intellekt yordamida faoliyat koʻrsatadigan axborot-maʼlumot tizimlari jadal tatbiq etilmoqda. Jamoat joylarida vaziyatni onlayn kuzatish, fuqarolarning murojaatlarini masofadan turib qabul qilish, huquqbuzarliklarni inson omili ishtirokisiz qayd etish amaliyoti bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aziz doʻstlar!
Barchamiz yaxshi bilamizki, hamma sohalarda boʻlgani kabi ichki ishlar tizimida ham yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, oʻz kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilab beradi. Shu maʼnoda, mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga koʻtarilayotgan bugungi sharoitda har bir xodimdan yetarli bilimga ega boʻlish, muloqot va muomala madaniyatini oshirish, har qanday murakkab vaziyatda ham toʻgʻri qaror qabul qilib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish uchun oʻz ustida tinimsiz ishlash talab etiladi. Barchamiz uchun xalqimiz hayoti eng katta maktab ekanini hech qachon unutmaylik. Shu maktabda bilim olib, toblanib, el-yurt manfaatlari uchun kurashib yashash – bu eng oliy saodatdir.
Shuning uchun joriy yilda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”da ayni shunday qoida va tamoyillar soha xodimlari faoliyatining bosh mezoni ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi. Ishonchim komil, oʻz vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt oʻrtasida albatta munosib obroʻ-eʼtibor topadi.
Maʼlumki, keyingi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratildi. Jumladan, boʻlajak xodimlarni bolaligidan boshlab vatanparvarlik ruhida, yuqori malakali huquqshunos sifatida tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangan va bunday tajriba oʻz ijobiy samarasini bermoqda.
Hurmatli soha xodimlari!
Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan ishlarimiz bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Xususan, ichki ishlar organlari tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining 80 foizi elektron shaklga oʻtkazilib, tizimda byurokratiya va fuqarolarni sarson qilish holatlari bartaraf etiladi. Har bir faoliyat yoʻnalishi boʻyicha ijtimoiy fikrni oʻrganish va jamoatchilik tomonidan monitoring qilib borish amaliyotini “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tamoyili asosida tashkil etish choralarini koʻrishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz oʻz kundalik hayotida sezishi shart.
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga oʻz burchingizni chuqur anglab, amalga oshirayotgan fidokorona mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Sizlarning mashaqqatli va sharafli faoliyatingizni munosib ragʻbatlantirish bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibor markazida boʻladi.
El-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur xodimlarning xotirasini hurmat bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz hamda ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt, masʼuliyatli xizmatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti