Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga

0
103
marta koʻrilgan.

Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!

Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi kasb bayramingiz hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda oʻz hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek ezgu va olijanob ishga bagʻishlagan sizlar kabi mard va sadoqatli, haqiqiy vatanparvar insonlar shaʼniga samimiy tilaklarimizni bildiramiz.

Ayni paytda, oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan fidoyi xodimlarning xotirasini cheksiz ehtirom bilan yod etamiz.

Istiqlolimizning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari oʻtgan sinovli yillar davomida mashaqqatli va sharafli yoʻlni bosib oʻtib, xalqimizning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida shakllandi, desak, ayni haqiqat boʻladi.

Sizlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish borasidagi mardona xizmatlaringizni butun elimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Aziz doʻstlar!

Biz oʻz faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan ikkita eng ustuvor masalaga – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sogʻligʻini muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratib kelayotganimiz, albatta, bejiz emas. Chunki tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydigan bebaho neʼmatdir.

Shu bois, soʻnggi besh yilda ichki ishlar tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, quyi boʻgʻin boʻlinmalari natijadorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yoʻlga qoʻyish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan hayotiy tamoyilni qaror toptirish boʻyicha jiddiy oʻzgarishlar joriy etilmoqda.

Ayni paytda, Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati yanada optimallashtirilib, uning tuzilmalari negizida Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash, Jazoni ijro etish, shuningdek, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentlari tashkil etilgani tizimning eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.

Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Xususan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda “fuqarobay”, “oilabay” va “mahallabay” ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash amaliyoti joriy etildi.

Bugungi kunda aholining ehtiyojmand qatlami, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarimiz bilan manzilli ishlashni tashkil etib, ularning muammolarini hal etishda ichki ishlar tizimi xodimlari ham muhim hissa qoʻshmoqda.

“Xavfsiz mahalla” va “Xavfsiz hudud” tamoyillari asosida ichki ishlar organlarining Milliy gvardiya va mahalla jamoatchiligi bilan hamkorlikdagi ishlari qisqa vaqt ichida oʻzining ijobiy natijasini berayotgani biz uchun katta ahamiyatga ega.

Hududlardagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning dinamikasi va sodir etilishiga taʼsir qilayotgan omillarni aniqlash va “ilmiy diagnoz” qoʻyish orqali jinoyatchilikni prognozlash va uning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Biz yangi tariximizda ilk bor yoshlar orasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ilmiy asosda maktab ostonasidan, bolalarning huquqiy-psixologik tarbiyasidan boshladik. Shu maqsadda joriy yilda tizimga 1 ming 100 nafar inspektor-psixologlar ajratildi. Kelgusi yilda bu koʻrsatkichni 2 ming nafarga yetkazamiz. Bundan koʻzlangan maqsadimiz – farzandlarimizni maktab yoshidan boshlab qonunga hurmat ruhida kamol toptirishdan iborat. Ishonamanki, bu vazifani aʼlo darajada bajaramiz.

Hududiy boʻlinmalarning tezkorligini oshirish va ularning moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash uchun sohaga 2016-2021 yillarda qoʻshimcha 3,5 mingga yaqin yangi transport, 16 mingdan ortiq maxsus va texnik vositalar ajratildi.

Mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilib, xodimlarning malakasiga qarab xizmat boʻyicha oʻsishini taʼminlash, shuningdek, rahbarlarning professional salohiyatini oshirish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat va magistraturani oʻz ichiga oladigan ikki bosqichli zamonaviy oliy taʼlim tizimi, oʻquv jarayoniga nazariya bilan amaliyot uygʻunligini taʼminlash uchun yangi taʼlim mexanizmlari joriy qilindi.

Yangi tashkil etilgan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar sohasi uchun ham yetuk kadrlarni tayyorlash jarayoni boshlandi. Xodimlarni xizmat davrida uzluksiz oʻqitish uchun ilk bor Malaka oshirish instituti ochilib, zamonaviy yondoshuvlar asosida masofaviy va mobil sayyor kurslarni oʻtkazish amaliyoti joriy etildi.

Tajriba almashish, oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish, xodimlarni oʻqitish sohasida hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida jahonning 29 ta davlati huquq-tartibot idoralari bilan erishilgan ikki tomonlama xalqaro kelishuvlarga muvofiq amaliy ishlar olib borilmoqda.

Fidoyi xodimlarning mehnatini munosib baholash, ularni ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha salmoqli ishlar qilindi. Oʻtgan besh yil mobaynida 500 dan ortiq ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xizmat xususiyatidan kelib chiqqan holda, alohida sharoitlarda oʻz vazifalarini bajaruvchi 25 mingdan ortiq xodimlarning oylik maoshlariga ustama haqlar belgilandi. 7 246 nafar xodimlar xizmat uylari bilan taʼminlandi, shuningdek, imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan koʻpqavatli uylardan 2 ming 300 ga yaqin xonadonlar ajratildi.

Hurmatli soha vakillari!

Ayni paytda, global dunyodagi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat soha faoliyatini zamon talablariga mos ravishda mutlaqo yangicha usullarda tashkil etishni taqozo etmoqda.

Shaxsning huquq va erkinliklari kafolatini kuchaytirish, surishtiruv va tergov faoliyatini adolatli, xolis va haqqoniy olib borish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish, kiberxavfsizlikni taʼminlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha izchil ish olib borishimiz lozim.

Sohaga ilgʻor tajribalar va ish usullarini, innovatsion-raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xodimlarning intellektual va kasbiy salohiyati, maʼnaviy-maʼrifiy saviyasi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularning mashaqqatli va fidokorona mehnatini munosib qadrlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash talab etiladi.

Muxtasar aytganda, ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, bu tizimni chin maʼnoda xalqchil tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

Men Yangi Oʻzbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl oʻgʻlonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, maʼnaviy va maʼrifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor xalqimizning chin maʼnodagi himoyachilari ekaningizga qatʼiy ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻlik, oilalaringizga fayzu baraka, masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.