Kadrlar tayyorlash borasida yangicha yondashuvlar amaliyotga tatbiq etilayotgani har bir sohada oʻz kasbining ustalari ishlashi uchun sharoit yaratishi shubhasiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu borada sanʼat, tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari qatori ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimida tub oʻzgarishlar amalga oshirilishiga eʼtibor qaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori aynan shu maqsadda qabul qilingan.
Qaror asosida Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va poytaxtimizda akademik litseylari tashkil etildi.
2017-2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Uchtepa akademik litseyi hamda Baytqoʻrgʻon xizmatlar sohasi va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji negizida ochilgan IIVning akademik litseylari ish boshlagan edi. Mazkur litseylarga har tomonlama sogʻlom va yetuk yoshlar oʻqishga qabul qilingan.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur litseylarda taʼlim olayotgan yoshlar uchun «ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi.
– Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur boʻlgan dastlabki kasbiy bilim berilishi bilan birga yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi IIVning 1-sonli akademik litseyi direktori, podpolkovnik Solijon Ernazarov. – Bu vazirlik tizimdagi oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlashga xizmat qiladi.
Oʻquvchilar akademiyada kursantlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish barobarida bu dargohga oʻqishga qabul qilish shartlari bilan ham tanishtirildi. Akademiyaning tergov, tezkor-qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistik, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash xizmat faoliyatini psixologik taʼminlash mutaxassisliklari boʻyicha ofitser kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar berildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga akademiya masʼul xodimlari tomonidan javob berildi.