Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni ichki yoʻllarni saqlash va taʼmirlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda jami 184 ming 582 kilometr avtomobil yoʻli bor. Shundan qariyb 142 ming kilometri ichki xoʻjalik yoʻllaridir.
Soʻnggi toʻrt yilda ichki yoʻllarni qurish va taʼmirlashga 15 trillion soʻm ajratilgan. Mahallalarda, chekka qishloqlarda ham koʻchalar ravon boʻlib, aholi farovonligiga xizmat qilmoqda. Lekin ularni saqlashga masʼul tizim yoʻq.
Chunki Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi davlat va xalqaro ahamiyatdagi yoʻl va koʻpriklar bilan shugʻullanadi. Ichki yoʻl va koʻpriklar esa mahalliy hokimliklar balansida. Hozirgi kunda 43 ming kilometr ichki yoʻllar taʼmirtalab holatda, 2 ming 354 ta koʻprikning “egasi” aniq emas.
Shu bois tuman darajasida bu masalalarga masʼul tizim yaratish rejalashtirilmoqda. Taklifga koʻra, 208 ta tuman va shahar Obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yoʻllarni saqlash xizmatlari tashkil qilinadi. Ular eng zarur 4 turdagi maxsus texnika bilan taʼminlanadi. Buning uchun byudjetdan tegishli mablagʻ ajratish koʻzda tutilayapti.
Tahlillarga koʻra, yoʻllarni saqlashga yoʻnaltirilgan mablagʻ taʼmirlash xarajatini bir necha barobar qisqartiradi. Agar oʻz vaqtida pul ajratilib, ichki yoʻllar toʻgʻri ekspluatatsiya qilinsa, ularni taʼmirlash muddatlari ham kamida 2 barobar uzayadi.
Shu bois mutasaddilarga ichki yoʻllarni saqlash va taʼmirlashni moliyalashtirish boʻyicha yangi mexanizmlarni joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Aholi talabidan kelib chiqib, ichki yoʻllarni taʼmirlash va yangilarini qurish ishlarini davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.