Qadrli doʻstlar!
Xonimlar va janoblar!
Barchangizni yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning kundan-kunga chiroy ochib borayotgan, bagʻrikeng Qoraqalpogʻiston diyorida, goʻzal Nukus shahrida oʻtkazilayotgan II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Bugungi sanʼat bayramida qatnashayotgan YUNYeSKO, AYSESKO, TURKSOY, MDHning Ijroiya qoʻmitasi, Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro tadqiqot markazi kabi nufuzli tashkilotlardan tashrif buyurgan martabali mehmonlarga, dunyoning turli davlatlaridan kelgan 260 nafardan ziyod xalq ijodiyoti namoyandalari, sanʼat va madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Oʻzbekistonga xush kelibsiz!
Aziz doʻstlar!
Xalq ogʻzaki ijodiyotining eng qadimiy turlaridan boʻlgan baxshichilik sanʼati yuksak gumanizm gʻoyalarini, tinchlik va doʻstlik, adolat va haqiqat kabi ezgu fazilatlarni mahorat bilan tarannum etadi. Shu bois ham, baxshi, oqin va jirovlar azaldan xalq qalbining kuychilari, turli millat va elatlarni birlashtiradigan olijanob insonlar sifatida ardoqlab kelinadi.
Ushbu noyob sanʼatning umumbashariy ahamiyati Termiz shahrida 2019 yili boʻlib oʻtgan I Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Men xalq ijodiyotini insoniyatning bolalik qoʻshigʻi, har qaysi milliy madaniyatning hayotbaxsh chashmasi deb bilaman. Bu qoʻshiqlarni sof va bezavol holatda saqlash, hamisha magʻrur yangrashini taʼminlash barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir.
Bugun oʻz ishini boshlayotgan festivalimiz ayni shunday ezgu maqsadlarimizning amaliy ifodasi ekanini taʼkidlamoqchiman.
Keyingi yillarda biz baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Bu borada fidoyi folklorshunos olimlarimiz boshlagan muhim ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizda 2019 yili tuzilgan Respublika baxshichilik sanʼati markazi hamda Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi samarali faoliyat olib bormoqda. Ushbu yoʻnalishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida davlat ansambllari, boshqa hududlarda esa viloyat ansambllari tashkil etildi.
Yurtimizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida, Nukus shahridagi opera va baxshichilik sanʼati maktabida milliy folklor sanʼati keng oʻrgatilmoqda. Shuningdek, yaqinda tashkil etilgan Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy musiqa instituti tarkibida baxshichilik boʻlimi ochilganini ham qayd etish lozim. Mazkur yoʻnalishda dars berayotgan oʻqituvchilar uchun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyildi.
“Oʻzbek xalq dostonlari”, “Oʻzbek xalq qoʻshiqlari” nomli darsliklar, koʻp tomlik “Qoraqalpoq folklori” toʻplami chop etildi. Shu bilan birga, 100 tomlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda.
Xalq ogʻzaki ijodiyotini keng targʻib etish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini koʻpaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bu yoʻnalishda olib borilayotgan xayrli ishlarni davom ettirgan holda, milliy baxshichilik sanʼatini YUNYeSKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritish choralari koʻrilmoqda.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Biz bugungi nufuzli sanʼat anjumanini koʻhna va navqiron qoraqalpoq oʻlkasida oʻtkazayotganimiz bejiz emas, albatta.
Qoraqalpogʻiston deganda, avvalo, mardlarga vatan boʻlgan, mehnatkash va olijanob el yashaydigan betakror diyor koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Bu zamindagi Tuproqqalʼa, Ayozqalʼa, Katta Guldursunqalʼa, Ellikqalʼa kabi noyob obidalar qadimiy sivilizatsiya va madaniyatning tarixiy ildizlaridan dalolat beradi. Ularni bir bora koʻrgan, bepoyon kengliklarda baxshi va jirovlardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun boʻlib qoladi.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan Qoraqalpogʻiston bugungi kunda Oʻzbekistonning obod hududlaridan biriga, zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, mana endi, xalqaro baxshichilik sanʼati markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Sanʼat va musiqani chin dildan sevadigan, ijod ahlini yuksak qadrlaydigan qoraqalpoq eli ushbu anjumanni katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Bugungi sanʼat va nafosat bayramini baland saviyada oʻtkazish uchun astoydil mehnat qilgan barcha-barcha insonlarga, mehmondoʻst Qoraqalpoq ahliga chin yurakdan tashakkur bildiraman.
Qadrli yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar!
Sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu festival dunyodagi nufuzli sanʼat anjumanlari qatoridan mustahkam oʻrin egallaydi, deb ishonaman.
Festival doirasida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga ham samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuqlar yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti