Urganchdagi «Xorazm palas» mehmonxonasida Xorazm viloyat matbuot va axborot boshqarmasi bilan hamkorlikda «Ishonch» gazetasi jamoasining gazetxonlar bilan ijodiy uchrashuvi tashkil qilindi. Tadbirda mahalliy jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi uyushtirgan soʻrovnomaga koʻra, «Ishonch» gazetasi joriy yilning olti oyida 5 ta eng koʻp oʻqiladigan gazetaning uchinchisi deb eʼtirof etilgandi. Uchinchi chorak yakunlariga koʻra esa 1 oʻrinni egalladi.
Xorazm viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi Dilbarjon Bekjonova, yozuvchi hamda publitsist Shuhrat Matkarim va boshqalar yurtdoshlarimizni kitobxonlikka, gazetxonlikka undashda «Ishonch» tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligini qayd qildilar.
Gazeta Bosh muharriri Husan Ermatov tahririyat faoliyati toʻgʻrisida taqdimot qildi.
Mumtoz qoʻshiqlarning mohir ijrochisi Azamat Otajonov konserti uchrashuvga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Axborot kutubxona markazi xodimlari kasaba uyushmasi Yangibozor tuman kengashi raisi Raimboy Sherjonov yigʻilish qatnashchilariga Pahlavon Mahmud ruboiylari oʻqib berdi.
Ijodiy uchrashuv barchada katta taassurot qoldirdi.
Gulyor Palvanova