Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kitob mualliflariga beriladigan qalam haqi 85 foizga koʻpaydi, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat portalida.
Shu paytga qadar mualliflik haqi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 yanvardagi “Mualliflik haqi va boshqa haq toʻlash turlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan toʻlab kelinar edi. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyidan kuchga kirgan qarori asosida ijodkorlar mehnati uchun yangi stavkalar belgilandi.
Bu stavkalar asosida ayniqsa, bolalarga moʻljallangan asarlar uchun qalam haqi 2,5 barobarga koʻtarildi. Misol uchun, maktabgacha va kichik yoshdagi bolalar uchun nasriy asarga buyurtma bergan nashriyot kitobni 20 ming nusxada chiqaradigan boʻlsa, bir muallif tobogʻi uchun 2 million 66 ming 880 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda yozuvchiga qalam haqi belgilaydi. 20 ming nusxadan kam boʻlmagan sheʼriy kitob muallifiga har bir satr uchun 8 ming 610 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda qalam haqi toʻlanadi.
Ilgari nashriyotlar tomonidan badiiy asarlar uchun 5 koeffitsiyent koʻrsatkichida mualliflarga qalam haqi hisoblangan boʻlsa, endilikda koeffitsiyent koʻrsatkichi sakkizga oshirildi. Bu badiiy asarlarga qalam haqi berish miqdori ham qariyb 2 barobarga koʻpaydi, degani.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Intellektual mulk agentligi, yetakchi nashriyotlar bosh muharrirlari, iqtisodchilar, nashriyot ishlari hisob-kitobini yurituvchi mutaxassislar, shoirlar, yozuvchilar va OAV vakillari ishtirokida oʻtgan “Ijodkorlar mehnati qadr topmoqda” mavzusidagi seminarda shular maʼlum qilindi.
– Tizimimizdagi nashriyotlarda “Nazm boʻstoni”, “Nasrimiz javohirlari”, “Jahon adabiyotining sara asarlari”, “Dunyo xalqlari ertaklari”, “Adabiyot xrestomatiyasi”, “Bolalar antologiyasi” kabi mavzularda rang-barang kitoblar chop etilmoqda, – deydi Matbuot va axborot agentligining iqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va moliyalashtirish boshqarmasi boshligʻi Jamshid Mirkomilov. – Agentlik tomonidan eʼlon qilingan “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni”, “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari”, “Harbiy-vatanparvarlik” mavzularidagi badiiy asarlarga ijtimoiy buyurtmalar loyihasi asosida yozilayotgan kitoblar uchun mualliflarga qalam haqining maʼlum qismi oldindan toʻlab berilmoqda.
Malohat Husanova, OʻzA