Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, viloyat va tumanlar hokimlari, vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi. Unda joriy yil 2 mart kuni viloyatga tashrif chogʻida belgilab berilgan vazifalar va loyihalar ijrosi muhokama qilindi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Mahalliy byudjetga qoʻshimcha tushumlarni taʼminlash, hudud eksportini oshirish, olis tumanlar infratuzilmasini yaxshilash, viloyat markazida namunaviy uy-joy qurish, «Obod qishloq» dasturi koʻlamini kengaytirish, tomorqa xoʻjaligini rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan ishlarning borishi koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari toʻrtta sektor rahbarlari va mutasaddilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi. Hududni izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish lozimligini taʼkidladi. Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish, korxonalarni zarur resurslar bilan taʼminlash, xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish borasidagi rejalarni amalga oshirishning yangi tizimini ishlab chiqish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Muhokama etilgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.