AQSHdagi “Boston Globe” gazetasi muharriri oʻzbek jurnalistlari bilan tajriba almashdi

0
84
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali bilan hamkorlikda “Davlat organlarining shaffofligini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda OAV va NNTlarning roli” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi.

Treningda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari Umida Tuxtasheva va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali boshligʻi Petra Gorjup kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Umida Tuxtasheva mazkur seminar-treningning ahamiyati haqida toʻxtalar ekan, davlat organlarining shaffofligini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining alohida oʻrni borligini taʼkidladi va shu kungacha aynan jurnalistlarning ogohlikka chorlovchi maqolalari eʼlon qilinishi ortidan agentlik oʻtkazgan tekshiruvlarda bir nechta korrupsion holatlar fosh etilganini yuqori baholadi.

— Shu bois biz korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda jurnalistlar bilan faol hamkorlik qilish tarafdorimiz. Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari tarkibiga ham toʻrt nafar jurnalist kiritilgan. Bu jurnalistlar tomonidan koʻtarilgan muammolarga darhol eʼtibor qaratish va masalaga tezkorlik bilan javob berish choralarini koʻrish orqali muammoga yechim topishni osonlashtiradi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish borasida ilgʻor mamlakatlardan oʻrganadigan narsalarimiz hali koʻp. Shu bois bugun tajribali jurnalist, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi “Boston Globe” gazetasi muharriri Rashel Koen taklif etilib, mazkur seminar-trening tashkil etilmoqda, — dedi u.  

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari Kamoliddin Ishanxodjayevning “Oʻzbekiston Respublikasida davlat organlarining ochiqligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashishda NNT va OAVlarning ishtiroki: amaliyot va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi maʼruzasi tinglanganidan soʻng, AQSHdagi “Boston Globe” gazetasi muharriri Rashel Koen xonimga navbat berildi.

Treningda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga Rashel Koen xonimdan batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmati

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.