Kavkaz togʻlarida Oʻzbekiston turkumidan: ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Ochil bobo Jabborov bilan suhbat

0
224
marta koʻrilgan.

“Oʻzbekiston” sanatoriysining  hovlisidagi shinamgina ayvonchaga tushlik oldidan va tushlikdan keyin  barcha faxriylar yigʻiladi. «Odamning taftini odam oladi» deganlaridek ularning suhbatiga yoshu qari birdek  intiladi. Aslida keksalarga yaxshi suhbatdosh hamisha kerak. Ularning oʻzaro suhbatlarini jimgina tinglash ham juda maroqli. Hayot bilan oʻlim oʻrtasi bir qadam boʻlgan dahshatli daqiqalar haqidagi hikoyalari saboqqa, ezgulikka, sinovlarga toʻla.

 Samarqand shahrining Minsk koʻchasida yashovchi toʻqson yetti yoshni qarshilagan  Ochil bobo Jabborov jangovor hayot yoʻli haqida gapirayapti. Ochil bobo jangovor hayotini 1-Belorusiya frontidan 1942 yil mart oyida boshlagan ekan. “Har bir qarich yer uchun, har bir uy uchun ayovsiz janglar, olishuvlar boʻlayotgan bir davrda jang maydoniga kirdim. Vatan uchun deya  oʻlimga tik borar edik. Yodi xayolimiz faqat gʻalabada, dushman qurshovini yurib chiqib, belgilangan maqsadga erishishda boʻlardi. Smolensk, Vitebsk, Kursk shaharlari uchun boʻlgan ayovsiz janglarda qatnashib koʻplab doʻstlar topdim va koʻplab doʻstlarimni yoʻqotdim. Hozirgina yelkama yelka turgan safdoshingizni yoʻqotish juda ogʻir kechardi. Koʻz yoshlarimizni artishga ham vaqt topa olmasdik. Taqdirga tan berishdan boshqa ilojimiz yoʻq edi. Safdoshlarim,  doʻstlarim uchun deya yana jangga kirardik. Har bir daqiqa gʻanimat davrlar edi.  Yelkamizga katta sinovlar bitilgan edi”. Deya hikoya qiladi bobo.

Kurskni ozod qilishdagi jangovor xizmatlari uchun birinchi darajali “Shon -shuxrat” ordeni bilan taqdirlangani, u yerda kechgan dahshatli janglar haqida  xuddi kecha boʻlgandek hikoya qiladi. Darhaqiqat, Ochil bobo Jabborovning koʻksini bezab turgan orden va medallar boboning jangovor hayot yoʻlini koʻrsatib turibdi. “ Biz jangohlarda yurganimizda  oila qurib, osoyishta hayot kechirishni orzu qilardik.  Urushdan qaytgach Ollohim orzuimga yetkazdi. Bir oʻgʻil, uch qiz farzandga yuzim tushdi. Oʻgʻlim Qilichbek Jabborov ham pensiyaga chiqdi. Mana men bilan birga dam olishga keldi. Yana  ikkalamizning barcha xarajatlarimizni yaʼni uyimiz ostonasidan hatlab chiqqan joyimizdan va yana uyimiz ostonasigacha boʻlgan barcha xarajatlarni davlatimiz oʻz zimmasiga oldi.  Buni katta baxt deb bilaman. Bu kunlarni qancha-qancha jangovor doʻstlarim orzu qilgan edi. Alp  yigitlarning orzusi  oʻzi bilan qora tuproqqa ketdi.  Janggohlarda yurganimizda shirin daqiqalar xuddi begʻubor bolaligimizdek yiroq tuyulardi.

Endichi!? Ertalab koʻzimni ochib ayvonga chiqamanda, qushlarning osoyishta  sayrashidan orom olaman. Yam-yashil oʻrmon kayfiyatimni koʻtaradi. Kislovodsk havosi oʻzim tugʻilib oʻsgan Urgutning buluq suvlari kabi salqin va musaffo, osmon dunyo qadar keng va payonsiz, olmaxonlarning daraxtdan daraxtga sakrab osoyishta oʻynab yurishi tinchlikni ifodalaydi. Bizni shu yerga kelishimizni tashkil etganlarni alqayman. Ochigʻi bu yerga kelib yanada yashargandekman. Atrofdagi tibbiyot xodimlarining mehribonligi, farzandimning yonimdaligi, goʻzal manzaralar koʻnglimni togʻdek yuksaltirdi. Bugungi tinchlikning, dorulomon kunlarning qadriga yeting”,  deya hikoyasini tugatadi bobo. Nevara –evaralarini soʻraymiz.  “Shirina, Nigina, Damirjon, Samirjon kabi evaralarga yuzim tushdi. Ollohga shukrim koʻp.  Boshlari toshdan boʻlib, yurt koriga yarab yursin. Deya alqaydi bobo.

Ochil bobo urushdan qaytgach, Urgutdagi 60-maktabda boshlangʻich sinflarga dars berdi. Soʻngra olti oylik malaka oshirish kurslarida oʻqib, oʻzbek tili va adabiyotidan ham saboq bera boshladi. Bir umr yoshlar tarbiyasi bilan shugʻullandi.

Men bilan Kislovodskka birga kelgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birga ishlagan safdoshim, iqtisod fanlari doktori, professor Sharbatxon Abdullayeva  otaxon bilan suhbatimizga qoʻshildi.

Raʼnojon opa, uzr suhbatingizga qoʻshilib, otaxonga men ham bir necha  savol bersam maylimi, deya soʻradi. Men ularning suhbatini murabbiylarning tajriba almashuvi deya  nomladim.

“Otaxon sizning davringizdagi yoshlar bilan bugungi yoshlarni hech qiyoslab koʻrasizmi? Qanday oʻxshashligu qanday farqlar bor. Chunki, oradan deyarli yuz yil oʻtgan”-deya soʻradi u.

“Shijoat, intilish, mehr-oqibat oʻzgarmagan. Bizning yoshligimiz, kuchimiz Vatan himoyasiga qaratilgan edi. Har kuni oʻlim bilan yuzlashar edik. Bora bora qoʻrquvni unitib jang oddiy narsadek boʻlib qoldi. Xayolimiz faqat gʻalabada boʻlardi. Bugungi yoshlar esa oʻz ustida ishlashga, ilm olishga, bilimini yuksaltirishga imkoniyati bor. Yana barchasini osoyishta amalga oshirishi mumkin. Bugungi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarga qarab havasim keladi.  Alohida yashashni istasa kreditga uylar berilayapti. Til oʻrganib, chet elda oʻqib kelishni hohlasa bunga ham imkoniyat bor. Faqat ishtiyoq, intilish kerak, xalos. Oʻzimning oilamdan misol keltirsam. Bir nevaram  Amerikada oʻqishni tugatib, hozir u yerda ishlab tajriba orttirayapti. Bizning davrimizda bunday imkoniyatlar qayda edi deysiz.  Bularning bari Oʻzbekiston mustaqilligining, yurtimizdagi siyosatning, tinch-osayishta hayotning, barcha millat vakillari ahil oila boʻlib yashayotganining sharofatidir”.

“ Mana oʻzingiz ham ilm olami vakili ekansiz, olimasiz siz bu borada nima deysiz?”–suraydi oʻz navbatida otaxon ham. Sharbatxon Abdullayeva otaning savolini kutmagan edi. Bir zum oʻylanib qoldi. Ikkalasi pedogogik tarbiyaning maktabda  va oliy oʻquv yurtida oʻziga xosliklari toʻgʻrisida chuqur suhbatlasha ketishdi. Sizlarning tajribalaringiz, bosib oʻtgan hayot yoʻlingiz yoshlar uchun katta hayot maktabi, shuning uchun navqiron avlodlar bilan tez-tez suhbat qilish koni foyda, deyman ularga.

Davramiz yanada kengayib, suhbatlar avjiga chiqdi. “Qarisi bor uyning parisi bor” deganlaridek, qariyalar bilan Kavkaz togʻlaridagi Oʻzbekiston sanatoriysiga yanada fayz, qut-baraka kirib kelgandek edi. “Bizni har daqiqada yoʻqlab turgan bu yerdagi mediklarga ham, bizni goʻzal maskanlarga dam olishga yoʻllagan mamlakatimiz rahbariga ham oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, bu haqida ham yozing”, iltimos qiladi otaxon.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist 

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.