Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz xalqiga bayram tabrigi

0
121
marta koʻrilgan.

Aziz vatandoshlar!

Jonajon yurtimiz – Oʻzbekistonimizga yasharish, bahor va goʻzallik bayrami – Navroʻzi olam kirib kelmoqda. 

Ana shu qutlugʻ ayyom – Sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimiz, suyukli farzandlarimiz, butun xalqimizni chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.

\Qalblarimiz shodlik va quvonchga toʻlgan mana shu nurli lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
 
Qadrli doʻstlar!

Bugun koʻpmillatli xalqimiz dala va qirlarda, maydon va xiyobonlarda,  tabiat bagʻrida sayil-tomoshalar oʻtkazib,  Navroʻz ayyomini kutib olmoqda.

Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha yurtdoshlarimiz katta shodu xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda. 

El-yurtimizning tabarruk zaminimizga, ona diyorimizga mehri, oʻzaro ahillik, mehr-oqibat fazilatlari yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Shu dilbar faslda tabiatdagi oʻzgarishlarga uygʻun boʻlib, jamiyatimiz, hayotimiz ham oʻzgarib, yangilanib bormoqda.

Yangi-yangi uy-joylar, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, zamonaviy korxonalar, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qoʻshmoqda. 

Navroʻz falsafasi, Navroʻz  qadriyatlari – odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga eʼtibor va yordam koʻrsatish, adolat va xalqparvarlik faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda. 

Biz eng avvalo onalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz, butun xalqimizni rozi qilishni oʻz oldimizga ezgu vazifa qilib qoʻyganmiz. Va bu oliy maqsadga albatta erishamiz. Shunda  hayotimiz yanada obod va farovon, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navroʻz boʻladi. 

Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdalar. Barchamiz yilimiz qutlugʻ kelsin, hosilimiz moʻl boʻlsin, mehnatingizdan baraka toping, deb ularni tabriklab, ishlariga rivoj tilaymiz.

Aziz doʻstlar!

Mana, bir necha yildirki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga muvofiq Navroʻz bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.

Haqiqatan ham, bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng goʻzal va olijanob tuygʻularni uygʻotadi. Shu bois ham, Navroʻzi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning  ardoqli va sevimli bayramiga aylandi.

Bugun chet el diplomatik korpus vakillari, xorijiy doʻstlarimiz va hamkorlarimiz Navroʻz quvonchini biz bilan birga baham koʻrmoqdalar.

Fursatdan foydalanib, aziz mehmonlarimizga, barcha yaqin va uzoq davlatlar xalqlariga samimiy tabriklarimizni yoʻllab, ularga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Qadrli va muhtaram yurtdoshlarim!

Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga  eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman. 

Sharqona yangi yilimiz har bir oila, har bir xonadonga baxt va quvonch olib kelsin!

Barcha pok orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!  

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.