Oʻzbekistonda 2030 yilgacha “yashil” energiya ulushi 50 foizdan oshiriladi

0
75
marta koʻrilgan.

Bugun hayotimizni elektr energiyasisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Muayyan sabablar tufayli elektr taʼminoti tizimida kuzatiladigan qisqa muddatli uzilishlar ham turmush tarzimiz va mehnat faoliyatimizga salbiy taʼsiri qiladi. 

Shu bois, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish hamda “Yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy qilish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish kabi bir qator ustuvor maqsad va vazifalar belgilangan.

Albatta, elektr energetikasi yoʻnalishida strategiyada belgilangan vazifalar, avvalo, oʻtgan vaqt davomida erishilgan natijalarning uzviy davomi hisoblanadi. Jumladan, keyingi yetti-sakkiz yilda mamlakatimizda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qoʻshimcha quvvatlar yaratildi. Ushbu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi. 

Natijada qanchadan-qancha aholi yashash punktlarida elektr energiyasida uzluksizlik taʼminlandi. Minglab yangi ish oʻrinlari yaratilib, tadbirkorlik faoliyati jadal rivojlanmoqda. Shu bilan bir qatorda oʻtgan davrda aholi daromadi ham oʻsib, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr isteʼmoli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016 yilgi isteʼmoldan 2 baravar koʻp demakdir.

Qolaversa, 2030 yilga borib, mamlakatimizda aholi soni 41 million kishiga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra oʻsishi kutilayapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish, yirik maʼlumotlar markazlarini va yangi ish oʻrinlarini ishga tushirish koʻzda tutilgan. Bularning barchasi elektr energiyasi barqaror rivojlanishi bilan bevosita bogʻliq.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2030 yilda Oʻzbekistonda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Yaʼni, hozirgidan 1,7 baravar koʻp demakdir. Shu bois, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etish borasida izchil ishlar qilinmoqda. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi taʼminlanadi. Yaʼni bir viloyatda elektr yetishmovchiligi kuzatilsa, boshqa joydagi qoʻshimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu esa hududlarda nafaqat aholi, qolaversa tadbirkorlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritiladi.

Ushbu islohotlardan koʻzlangan yana bir maqsad bu — elektr energiyasining tannarxini pasaytirishdir. Bu omilni muqobil manbalarni koʻpaytirish orqaligina amalga oshishi mumkin. Boisi, yilning toʻrt faslida ham quyoshli kun boʻladigan Oʻzbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlarida foydalanish juda ham samarali hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, 2030 yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlar ishga tushiriladi.

Ushbu islohotlar sabab, sanoatda energiya samaradorlik orqali qoʻshimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati paydo boʻladi. Hozir mamlakatda kimyo va metallurgiya yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatayotgan ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori. Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030 yilda elektr energiyasi yoʻqotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish maqsad qilib belgilangan.

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2,5 barobar koʻp energiya sarflanayapti. Elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori. Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.

Yaqinda Prezidentimiz huzurida Hukumat masʼullari ishtirokida boʻlib oʻtgan taqdimotda shu kabi oʻrganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi. Misol uchun, suv xoʻjaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa boʻladi.

Umuman olganda 2025 yilda 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash rejalashtirilgan. Buning uchun har bir korxona va tashkilot kesimida ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya meʼyori belgilanadi. Shuning oʻzidan energiya sarfi 5-10 foizga qisqaradi. Bu nafaqat davlatga, qolaversa tadbirkorlarga ham oʻz mablagʻini iqtisod qilish orqali boshqa foydali yoʻnalishlarga investitsiya qilish imkonini beradi. Qolaversa, ijtimoiy obyektlarda energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish boʻyicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Shu bilan birga, koʻp qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyasiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli oʻrnatishga arzon kreditlar beriladi. Isteʼmolchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi boʻyicha oʻqitiladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash borasida ulkan marralar reja qilingan. Bu maqsadlar natijadorligiga erishida har bir Oʻzbekiston fuqarosining ishtiroki muhim albatta. Shu bois, biz xalq vakillari joylarda saylovchilar bilan oʻtkazgan yuzma-yuz muloqotlarimizda hamda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini yurtdoshlarimizga toʻgʻri va asosli tushuntirib borishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

 Mavluda ADHAMJONOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.