Shavkat Mirziyoyev Xorazm yoshlari bilan uchrashdi

0
393
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Yoshlar markazida boʻldi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida. 

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi islohotlar yuksak natijalar bermoqda. 

Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bogʻi hududida tashkil etilgan markazda yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi oʻndan ortiq toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonida viloyatlar va Toshkent shahrida Yoshlar markazlarini qurish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 11 yillik majburiy oʻrta taʼlim tizimining joriy etilishi munosabati bilan boʻshaydigan kollejlar binolarini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga begʻaraz oʻtkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona va kitob doʻkoniga ega boʻlgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini, shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini kasb-hunarga toʻlovsiz oʻqitish markazlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. 

Prezidentimiz Urganch shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 

Biz bu kabi zamonaviy inshootlarni koʻplab qurishimiz mumkin. Lekin uning ichida qanday taʼlim-tarbiya olish, hunar oʻrganish siz yoshlarning intilish va tashabbuslaringizga bogʻliq, dedi davlatimiz rahbari. Xorazmlik yoshlar bu borada boshqalarga oʻrnak boʻlishi kerak. 

Prezidentimiz turli sabablarga koʻra toʻgʻri yoʻldan adashib qolgan yoshlarni sogʻlom hayotga qaytarishda ularning tengdoshlari yordam berishi kerakligini qayd etdi. 

Shavkat Mirziyoyev viloyatning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. 

Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.