Tibbiyot sohasidagi islohotlar aholining hayotdan roziligi, el-yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilsin

0
281
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 oktyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan taʼminlash borasidagi islohotlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi,  deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va Bosh vazir oʻrinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz joriy yilning oʻzida sogʻliqni saqlash masalasiga bagʻishlab uch marta videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, odamlarda haqli eʼtiroz uygʻotayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi, shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan dasturlar ijrosi atroflicha koʻrib chiqildi. 

Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chogʻida shifoxonalar, poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlaridagi sharoitlar bilan bevosita tanishdi, zamonaviy klinikalar qurish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi. 

Aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish borasida hali qiladigan ishlarimiz koʻp, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yigʻilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi. 

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Birlamchi tizimda kadrlar taʼminotini yaxshilash maqsadida joriy yilda tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3 ming 197 yosh mutaxassisning 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi. 

Qilingan ishlarning natijasi qanday boʻlayapti, odamlar bundan qay darajada foydalanmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bu borada hali qiladigan ishlarimiz koʻpligini koʻrsatmoqda. 

Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda, dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi.

Aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolzarb masalalardan biri – bu tez tibbiy yordam xizmati bilan bogʻliq, dedi Prezidentimiz. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Transport vositalari hali yetarli emas, dori-darmon taʼminotida uzilishlar mavjud. 

2016 yilda 806 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2017 yilda bu koʻrsatkich 2 ming 100 dan oshdi. Tabiiyki, bu har bir chaqiriqning oʻz vaqtida kelishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Bu yoʻnalishda koʻrsatilayotgan xizmatlar bilan birga, aholining mazkur xizmatdan foydalanish borasidagi madaniyatini oshirish zarurligi ham taʼkidlandi. 

Jahon tibbiyoti oldida turgan dolzarb masalalardan biri ijtimoiy kasalliklardir. Mamlakatimizda sil, psixiatriya, teri-tanosil, onkologiya xastaliklari boʻyicha alohida dasturlar ishlab chiqildi va Prezident qarorlari qabul qilindi.

Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyatlarda filiallari tashkil etilmoqda. Chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq vatandoshimiz yurtimizga qaytarildi. 

Davlatimiz rahbari qarori bilan tibbiyot sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida oʻqish muddati 7 yildan 6 yil va “tibbiy profilaktika” yoʻnalishida 6 yildan 5 yil etib belgilangani mamlakatimiz tibbiy taʼlim tizimini jahon standartlariga moslashtirish, joylarda kadrlar taʼminoti yaxshilanishi va davlat byudjeti mablagʻlari maqsadli sarflanishiga xizmat qilmoqda. 

Prezidentimizning nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid farmoyishi doirasida 8,4 ming nafar nogiron protez-ortopediya mahsulotlari bilan, 9,3 mingdan ziyod ehtiyojmand fuqaro reabilitatsiya texnik vositalari bilan bepul taʼminlandi. Shuningdek, 23 mingdan ziyod 1941-1945 yillardagi urush faxriylari, yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlar sanatoriyalarda bepul dam oldirildi. 

Sogʻliqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirishni takomillashtirishga oid qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalari shugʻullanishi mumkin boʻlgan tibbiy ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirildi. Natijada Toshkent shahrida Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Jizzax shahrida Janubiy Koreya, Fargʻona, Qarshi shaharlarida va Qumqoʻrgʻon tumanida Hindiston kabi davlatlar bilan qoʻshma klinikalar tashkil etilmoqda. Oʻtgan 9 oy mobaynida xususiy tibbiyot muassasalari yana 400 dan ziyodga koʻpayib, ularning soni 3 ming 860 dan oshgani xususiy tibbiyot muassasalariga berilayotgan keng imtiyoz va preferensiyalar samarasidir. 

Joriy yilda «Oʻzfarmsanoat» aksiyadorlik konserni tomonidan 76 yangi mahsulot ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish 2011 yilga nisbatan 4 marta oʻsdi. 

Farmatsevtika sohasida yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun Oʻzbekiston taraqqiyot va rivojlanish jamgʻarmasidan 250 million dollar miqdorida kredit resurslari ajratildi. Umumiy qiymati qariyb 400 million dollarga teng boʻlgan 70 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, ularning 33 tasi joriy yilda ishga tushiriladi. 

Davlatimiz rahbarining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishi, avvalo, yurtimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini oʻzimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan toʻldirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, dori-darmon va tibbiyot buyumlarini eksport qilish hajmini yanada oshiradi. 

Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan izchil ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Masalan, farmatsevtika mahsuloti eksporti 40 foizga oshirilishiga erishildi, yuqori texnologiyalar joriy qilinishi evaziga har bir ishchiga ishlab chiqarish samaradorligi 35 foiz oʻsdi. Mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan dorilar turi 2 ming 300 dan oshdi. 

Yigʻilishda sohada oʻz yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Xususan, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning statsionar muassasalar bilan hamkorligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga sohada xususiy sektorni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. 

Tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, skrining markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya mahsulotlari, reabilitatsiya texnik vositalar sifatini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sogʻliqni saqlash obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari sifati, xususiy tibbiyot sohasiga chet el investitsiyasi va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish ishlari isloh qilinishi lozim. 

Aholini patronaj va tizimli dispanserizatsiya bilan toʻliq qamrab olish, ona va bola skriningi hamda tibbiy-genetik xizmatni yanada takomillashtirish va ushbu xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2018-2022 yillarga moʻljallangan Davlat dasturini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. 

Yigʻilishda tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy masʼuliyati masalasi jiddiy tanqid qilindi. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilgan. 

Yigʻilishda soha oldida turgan dolzarb vazifalar belgilandi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.