Ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslar bildirildi

0
31
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida mehr va koʻmak tizimi aholiga yaqinlashtirilmoqda. Barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda yoʻlga qoʻyildi. Ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reestrda boʻlmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam koʻrsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 ming nafari protez oldi. Yotib qolgan 4 ming yolgʻiz keksa aniqlanib, ularga uyining oʻzida parvarish tashkil etildi. Nogironligi bor 5 ming nafar bola bogʻcha-maktabga joylashdi.

Bunday manzilli ishlar tufayli xalq qabulxonalari va hokimliklarga ijtimoiy xizmat va yordam boʻyicha murojaatlar 35 foiz kamaygan.

Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambagʻal oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yoʻlga qoʻyildi. Natijada bu oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi. 30 ming bola bogʻcha, toʻgarak va kasbga oʻqitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam koʻrsatildi.

Lekin ayrim joylarda ish toʻgʻri tashkil qilinmagan holatlar ham bor. Masalan, 184 nafar rahbar oʻzi masʼul boʻlgan kambagʻal oila uyiga biror marta bormagan. Nogironligi bor shaxslarning bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, Jalaquduq, Chimboy, Pastdargʻom, Chortoq va Denov tumanlarida bu koʻrsatkich ancha kam. Kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy muassasa loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagan.

Yigʻilishda shu kabi kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni aytdi.

Kelasi yil 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.

Bu borada yaxshi tajribalar bor. Masalan, Toyloq va Kosonsoy tumanlarida “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambagʻal oiladagi va nogironligi boʻlgan 4 ming 200 nafar bolaga bogʻcha taʼlimi berilgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani oʻrganib, har bir tumanda joriy etish topshirildi.

Shuningdek, kelasi yili kambagʻallik yuqori mingta mahallada yana bittadan oilaviy bogʻcha faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarining 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinadi va bogʻcha toʻlovi qisman qoplab beriladi.

Kambagʻal oila farzandlarining oʻqib, hayotini oʻnglashi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, 118 ming yoshlar chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga oʻqitiladi. Bu toʻgaraklar xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi. 2025 yilda 3,5 ming nafar shunday farzandlar oliy taʼlimga grant asosida qabul qilinadi.

Kambagʻal oilalardagi oʻzi harakatlana olmaydigan 23 ming nafar odamga ota-onasi, turmush oʻrtogʻi yoki bolalari qarab oʻtiribdi. Yanvardan ularning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarash yoʻlga qoʻyiladi. Natijada bu bilan band boʻlgan 15 ming aholining qoʻli boʻshab, ishlashi mumkin boʻladi. Bunday xizmatni koʻrsatgan xususiy sektorga oila xarajatining 80 foizini davlat toʻlab beradi. Bu tajriba avval Toshkent shahrida, viloyatlarda yil yakunigacha yoʻlga qoʻyiladi.

Kambagʻal oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. Shu bois kelasi yili muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga qoʻshimcha 185 milliard soʻm ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablagʻi esa kambagʻal oilalarning yashash sharoitini yaxshilash va daromadini oshirishga sarflanadi.

Hozirgi kunda fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni olib yurishga majbur. Endi bularning oʻrnini bosadigan bitta – “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin boʻladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.

Bu tizim 1 iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida sinovdan oʻtkaziladi, keyinchalik hamma joyda qoʻllanadi.

Yigʻilishda nogironlikning sabablari, ularga yordam berish masalalari tahlil qilindi. 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish qamrovi juda kamligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi. 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-oʻqituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta oʻqitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mutaxassislar malakasi oshiriladi.

Nogironlikning ayrim turlarida uy sharoitida bajarsa boʻladigan mashqlarni oʻrgatish orqali ham bemor sogʻligʻini tiklash mumkin. Shuning uchun ularga shunday mashqlar dasturi va sogʻlom ovqatlanish menyusi tarqatiladi. Endi reabilitatsiya samarasi nogironligi borlarning harakati va muloqotidagi oʻzgarishga qarab baholanadi, shundan kelib chiqib shifokorlarga ustama beriladi.

Bugunga kelib, nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari roʻyxati 18 tadan 30 taga, mablagʻi esa 1,5 barobarga oshirildi. Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamning ehtiyoji taʼminlandi.

Endi bunga yana 7 turdagi vositalar qoʻshilishi maʼlum qilindi. Bu orqali 2025 yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalari yetkazib beriladi.

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga, bu yil tadbirkorlar nogironligi bor 40 ming fuqaroni ishga olgan. Buni yanada kengaytirish uchun 1 yanvardan nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.

Korxonalarga surdo-tarjimon, psixolog va koʻzi ojizlarga hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi. Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million soʻmgacha grant beriladi. Bu imkoniyatlar natijasida yana 80 ming nogironligi bor odamni ish bilan taʼminlash mumkinligi aytildi.

Ogʻir vaziyatga tushib qolgan boʻlsa-da, oʻzida kuch topib, hayotini oʻzgartirgan matonatli insonlar oramizda koʻp. Ularni boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatish, qahramonligi haqida hujjatli va badiiy filmlar suratga olish kerakligi taʼkidlandi.  

Dunyoda nogironligi bor insonlarga toʻgʻri keladigan 100 dan ortiq sport turi bor. Lekin bizda faqat 22 tasi boʻyicha tibbiy xulosa beriladi.

Endi xalqaro andozalar asosida nogironligi borlarga tavsiya etiladigan sport turlari kengaytiriladi. Ularning bunga layoqati kasallik turiga qarab avtomatik belgilanadi. Bu yoʻnalishdagi sport murabbiylari oyligi 1 yanvardan 1,5 barobar oshiriladi. Hududlardagi 130 ta sport maktabi, 90 ta maxsus taʼlim muassasasi va 29 ta “Muruvvat” uyidagi maydonlar adaptiv sport turlariga moslashtiriladi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda adaptiv sport qamrovini 1,6 barobar oshirib, 45 ming nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Nogironligi bor bolalarni taʼlim bilan qamrab olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda har bir tumanda bittadan bogʻchada inklyuziv taʼlim guruhi ochiladi. Harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizini qoplash tizimi joriy qilinadi. 1 sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bolaning taʼlimiga sharoit yaratiladi.

Bu yil Mehribonlik uylari va maxsus oʻquv muassasalaridan 300 nafar oʻgʻil-qiz oilaviy muhitga qaytgan. Ushbu tajriba asosida yana 500 nafar bolani masʼullarga biriktirib, oilaviy bolalar uyiga va maktabga joylashtirish muhimligi aytildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, ijtimoiy soha vakillarining takliflari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.