Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
131
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini taʼminlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflyasiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish hamda tegishli ijtimoiy toʻlovlar miqdorining minimal isteʼmol xarajatlari qiymatidan kam boʻlmasligini taʼminlash maqsadida:

1. 2022 yil 1 maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirilsin.

2. 2022 yil 1 maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 324 000 soʻm;

yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 633 000 soʻm;

nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 698 000 soʻm;

mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 698 000 soʻm;

1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 080 000 soʻm;

belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (633 000 soʻmdan) 698 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 698 000 soʻm etib belgilansin.

3. Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni minimal isteʼmol xarajatlari qiymatidan kam boʻlmagan miqdorlarda belgilash maqsadida 2022 yil 1 maydan boshlab:

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 500 000 soʻm;

ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 500 000 soʻm;

boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 500 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun – 185 000 soʻmdan qoʻshilsin;

boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 500 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlansin.

4. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻirlashishining oldini olish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali 2022 yil 1 aprelga qadar nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun maʼlumotlarning xato taqdim etilishi, kiritilishi va texnik sabablar tufayli fuqarolarga ortiqcha toʻlangan summalar hisobdan chiqarilsin.

5. Pensiyalar va nafaqalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplansin.

6. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlashda minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining mezon sifatida belgilanishi, mazkur turdagi toʻlovlarni oluvchilar sonining koʻpayishi hisobiga Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

2022 yil 1 noyabrga qadar davlat pensiyalari miqdorlarini har yillik inflyasiya darajasida qayta hisoblash (oshirib borish) tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

8. Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

9. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                      Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.