Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar taʼlim-tarbiyasi boʻyicha yangi tizim joriy etiladi

0
139
marta koʻrilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash va qoʻllab-quvvatlashning bir necha tuzilmalari yoʻlga qoʻyilgan. 13 ta Bolalar uyida 560 nafar, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 1 ming 823 nafar, 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming nafar oʻgʻil-qizlar tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, 79 ming nafar bolalar homiylik, vasiylik va oila patronati qaramogʻiga olingan. 

Yigʻilishda mazkur muassasalardagi yoshlarning taʼlim-tarbiyasi, uy va ish bilan taʼminlanish darajasi tahlil qilindi.

Soʻnggi oʻn yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining 51 foiziga uy-joy ajratilgan. Mehribonlik uylaridan chiqqan yigit-qizlarning 64 foizi ish bilan taʼminlangan. Taʼlim-tarbiya sifati ham yuqori emas.

Davlatimiz rahbari Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

Shu maqsadda bu borada yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga koʻra, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchalaridagi yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼul boʻladi. Buning uchun qoʻmondon oʻrinbosari lavozimi joriy etilib, alohida boshqarma tashkil etiladi.

Mehribonlik uylaridagi bolalarga saboq berish, ularni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, sport bilan shugʻullanishlarini tashkil etish boʻyicha yangi metodikalar ishlab chiqiladi. 14 yoshdan yuqori oʻgʻil-qizlarni eng talab yuqori kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Turizm va sport vazirligiga har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga oliy oʻquv yurti hamda sport maktablarini biriktirish vazifasi qoʻyildi. Ular tomonidan fan va sport toʻgaraklari tashkil etiladi, bunga jalb etilgan ustozlarga ustama toʻlanadi.

Bundan tashqari, sharoiti ogʻir boʻlgan Mehribonlik uylari  Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklari tomonidan otaliqqa olinadi.

Bugungi kunda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 17 foizi chin yetimlar, qolgan 83 foizi esa ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar hisoblanadi. Bunday oilalarga moddiy yordam berish orqali aksariyat bolalarni oʻz oilasi bagʻriga qaytarish mumkinligi aytildi.

Vasiylik va homiylik organlarida 79 ming bola roʻyxatda turadi, shundan 35 ming nafari farzandlikka olingan. Lekin,  ular bilan shugʻullanish uchun tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimlarida bitta xodim biriktirilgan.

Bu yetarli emasligi taʼkidlanib, har bir tuman va shahar hokimligida Vasiylik, homiylik va patronat ishlari boʻlimi tashkil etilishi hamda ularga 4 nafardan shtat ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, Milliy gvardiya, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, mahalla va sektor vakillaridan iborat ishchi guruh tuziladi. Ularga vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarning ahvoli, oilaviy sharoitidan har hafta xabar olish yuklatiladi.

Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar 18 yoshga toʻlguniga qadar ular uchun mahalliy byudjetdan 1 million 200 ming soʻm, nogironligi boʻlganlarga esa respublika byudjetidan 2 million 500 ming soʻm toʻlanadi. Nogironligi boʻlgan bolalarni oʻz qaramogʻiga olgan oilalarga ularning parvarishi davrini mehnat stajiga qoʻshib hisoblash tartibi joriy etiladi.

Shu yil 1 sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi.

Bundan tashqari, “temir daftar”ga kirgan oilalar farzandlari,  shuningdek, boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi boʻlgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming soʻmdan beriladi.

Vasiylik, homiylik va patronatga olinganlar ham oliy oʻquv yurtlariga kirishda Mehribonlik uylari bitiruvchilari uchun ajratilgan qoʻshimcha kvotadan foydalanadilar.

Prezidentimiz Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Jumladan, 18 yoshga toʻlgan, uy-joyga muhtoj etim bolalarga  yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Buning uchun joriy yilda byudjetdan 120 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Yana bir yangilik – etim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshiriladi. Shuningdek, bunday talabalarga pensiya toʻlash muddati amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytiriladi. Ularga zarur adabiyotlar sotib olishi uchun har yili bir marta 1 million 200 ming soʻm subsidiya beriladi.

Yigʻilishda nogironligi boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash va davolash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari bunday bolalarni zarur tibbiy vosita va aravachalar bilan taʼminlash, jarrohlik operatsiyalari oʻtkazish, implantant va protez oʻrnatish uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratishga koʻrsatma berdi.

Shuningdek, ixtisoslashgan maktablarga yirik korxonalar va klasterlarni biriktirib, sharoitlarni yaxshilash mumkinligi qayd etildi.

Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari oʻrniga Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya tashkil etilishi, hududiy komissiyalarga esa viloyat hokimlari rahbarlik qilishi belgilandi.

– Ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol aʼzolari sifatida tarbiyalash  barchamizdan jiddiy eʼtibor va amaliy harakatlarni talab qiladi. Birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb oʻksinmasligi, davlatimiz va jamiyatimizning mehridan chetda qolmasligi kerak. Ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, barcha sharoitlarni yaratib berish nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir. Masalaga shu jihatdan yondashsak, ishimizda albatta natija boʻladi. Farzandlarimizga qilgan har bir yaxshiligimiz oʻn yaxshilik boʻlib qaytadi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda mutasaddilar, pedagog va yoshlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.