Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
278
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa muqobil shakllarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

a) oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga toʻgʻri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablagʻlar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi;

oilaviy bolalar uylarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi;

b) oilaviy bolalar uylari tomonidan isteʼmol qilingan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;

v) jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi boʻlgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar toʻlanadi.

Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin;

jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar kutubxona fondini xatlovdan oʻtkazsin, ushbu muassasalarni Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam taʼminlash uchun har yili 5 milliard soʻm yoʻnaltirsin;

jismoniy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar oʻquvchilari oʻrtasida bosqichma-bosqich barcha fanlardan fan olimpiadalarining tashkil etilishini taʼminlasin.

2. Quyidagilar:

2021 yilda eshitish qobiliyati zaif bolalarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish uchun xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda 4 ming dona zamonaviy eshitish moslamalari ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan zaif eshituvchi bolalarga yetkazib berilishi natijasida ularning eshitish qobiliyati yaxshilanib, umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirish darajasi oshganligi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida maktabgacha yoshdagi nogironligi boʻlgan bolalarga taʼlim berish bilan birgalikda, reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan bittadan “Imkon” koʻp tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov), Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) va Moliya vazirligi (T.Ishmetov) zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarini 2022 yil yakuniga qadar zamonaviy eshitish moslamalari bilan toʻliq taʼminlasin, 2023 yildan boshlab esa, ehtiyojdan kelib chiqib, zamonaviy eshitish moslamalarini muntazam ravishda xarid qilish amaliyotini joriy qilsin.

Vazirlar Mahkamasi 2023-2025 yillarda qolgan 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan “Imkon” koʻp tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish va maktabgacha yoshdagi nogironligi boʻlgan bolalarni ushbu muassasalar bilan qamrab olish choralarini koʻrsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida oʻz nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish) davlat boji toʻlashdan ozod etiladi;

b) yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga davlat oliy taʼlim muassasalarida oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablagʻ ajratish amaliyoti nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi.

Bunda, ushbu maqsadlar uchun mablagʻlar Davlat byudjeti parametrlarida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratilgan resurslarda nazarda tutiladi va nodavlat oliy taʼlim muassasalarining soʻroviga asosan ajratib boriladi;

v) 2022 yil 1 iyundan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv taʼlim asosida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.

4. 2022 yil 1 maydan boshlab “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini toʻlash tartibi joriy qilinsin.

5. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining Afgʻon urushida ishtirok etgan nogironligi boʻlgan jangchi-faxriylarni individual oʻlchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov), Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi ikki oy muddatda Afgʻon urushida ishtirok etgan nogironligi boʻlgan jangchi-faxriylarni protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlash rejagrafigini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar uchun Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2022 yilda Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratsin.

6. Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlarini har ikki yilda qayta hisoblash tartibi joriy etiladi.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda koʻrsatilgan tartibni joriy etish boʻyicha “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

7. Belgilab qoʻyilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlari (keyingi oʻrinlarda – hududiy jamoat fondlari) hisobidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati va Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasining oʻz hududiy boʻlinmalari tomonidan 2023 yil 1 yanvardan boshlab tegishli hududlardagi nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy yordam koʻrsatish, jamiyatda oʻz oʻrnini topishida koʻmaklashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasi boʻyicha har chorakda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga hisobot berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish haqidagi taklifi maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda, ikki oy muddatda Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati va Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalari uchun tavsiyaviy shtatlar meʼyorlarini hamda mehnatga haq toʻlash miqdorlarini tasdiqlash va hududiy jamoat fondlariga yetkazish tavsiya etilsin.

Moliya vazirligi 2023 yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida hududiy jamoat fondlari uchun tegishli mablagʻlar koʻzda tutilishini taʼminlasin.

8. Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va taʼmirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard soʻm yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev):

Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurilish va taʼmirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

qurilish-taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari oʻrnatilgan tartibda 2023 yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishini taʼminlasin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) davlat ijtimoiy muassasalarini joriy taʼmirlash va jihozlash uchun 2022 yilda Davlat byudjeti parametrlarida aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlarini moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning yil yakuniga qadar iqtisod qilinishi kutilayotgan qismi hisobidan 150 milliard soʻm ajratsin2023 yilda esa qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻrnatilgan tartibda 2023 yilga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida koʻzda tutsin.

9. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorda koʻzda tutilayotgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun asoslangan hisob-kitoblarga asosan Davlat byudjetidan mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov, xalq taʼlimi vaziri B.O.Saidov va sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                        Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.