Ijtimoiy himoyaning yangi tizimi inson qadrini taʼminlashga xizmat qiladi

0
50
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 1-moddasida Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilangan. Shunga muvofiq, 2023 yil 1 iyunda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish boʻyicha farmon qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida oʻndan ortiq davlatning tajribasi chuqur oʻrganildi, malakali ekspertlar jalb qilindi. Shu asosda olib borilgan tahlillarga koʻra, bu soha 30 yil oldingi tizimda qolib ketgan, faqat davlat ajratgan pulni tarqatish bilan shugʻullangan. Bu ayrim odamlarni oʻzini oʻnglab olishga emas, yordam kutib yashashga oʻrgatib qoʻygan.

Misol uchun, mehnatga layoqatli kishilarga ham nafaqa toʻlab kelingan. Nogironligi borlarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga oʻrgatish orqali hayotga qaytarishga yetarlicha eʼtibor berilmagan.

Davlatimiz rahbari bu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Bu sohada umumiy ishlab boʻlmaydi. Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda oʻz oʻrnini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda shu boradagi ustuvor vazifalar belgilandi. Avvalo, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Soʻnggi oylarda kam taʼminlangan oilalar manzilli oʻrganilgani hamda tizim shaffof qilingani natijasida doimiy daromadga ega oilalar bunday toifadan chiqarilgan. Aksincha, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashayotgan 2 ming kishiga yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

Umuman, ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan boʻlsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmini ham bilmaydi.

Shu bois 1 iyundan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi oʻzgaradi. Bunda ehtiyojmand toifani aniqlash boʻyicha mezonlar ishlab chiqiladi va ularning aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi. Muhtojlarning har biri boʻyicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi boʻladi.

Bu borada yagona savolnoma joriy qilinadi. Xonadonga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishidan qatʼiy nazar, oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanib, “ijtimoiy portreti” chiziladi. Yordamdan soʻng xonadonda nima oʻzgargani monitoring qilib boriladi.

Bu yerda gap mablagʻni qisqartirish haqida emas, uni oʻz egasiga – haqiqiy muhtojlarga berish va jamiyatga integratsiya qilish haqida ketmoqda.

Yana bir muhim jihati, mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat koʻrsatish shartnomasi orqali taqdim etish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda xizmat koʻrsatuvchi ham, yordam oluvchi ham oʻziga majburiyat oladi.

Endi nafaqa oluvchilar roʻyxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yoʻq, boquvchisini yoʻqotgan, kasalligi va boshqa sababga koʻra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reestr”ga kiritishda ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi. 

Shu yil 1 oktyabrdan aholiga koʻrsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi. Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sogʻlomlashtirish va nogironligi borlarga qarovchilarni oʻqitish boʻyicha koʻp tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi.

Yigʻilishda nogironligi boʻlgan insonlar manfaatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston 2021 yilda Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilgan. Bunday shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan.

Lekin koʻp muassasalar, koʻchalar va bekatlar imkoniyati cheklangan shaxslar harakatlanishi uchun moslashmagan. Maktab va kollejlarda sharoit yoʻqligi sababli ota-onalar nogironligi bor farzandini uzoqdagi maxsus internatga joylashtirishga majbur. Bu oila uchun, ayniqsa, bola uchun juda ogʻir.

Shu bois endi nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻqitish, ishga joylash va sportga jalb qilish boʻyicha milliy tizim boʻladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga oʻqishda toʻsiqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechiladi. Bunda nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanadi.

Tuman markaziy shifoxonalarida tibbiy reabilitatsiya xonalari tashkil etiladi. Protez vositalari 18 turdan 30 turga, ajratilayotgan mablagʻ esa 1,5 barobar oshirilib, ular bilan taʼminlash elektron shaklda boʻladi. Bunday vositalarni uydan turib, vaucher orqali onlayn yoki “Inson” markazi yordamida istalgan ishlab chiqaruvchidan olish mumkin boʻladi.

Bino va inshootlarni qurish loyihaci nogironligi boʻlganlar uchun qulay muhit yaratilganligi boʻyicha ham majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi. Jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun toʻsiqsiz muhit yaratish choralari koʻriladi.

Xodimlarining 50 foizida nogironlik boʻlgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi. Bunday shaxslarni kasbga tayyorlaydigan 4 ta ixtisoslashgan maktab sanoat tarmoqlariga biriktiriladi. Nogironligi borlar kasanachilik va hunarmandchilik asosida yaratgan mahsulotlarni elektron platforma orqali sotish yoʻlga qoʻyiladi.

Sportni rivojlantirish assotsiatsiyasi tashkil etilib, nogironligi bor shaxslar mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qilinadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarda umid va oʻziga ishonch uygʻotadigan badiiy asarlar yaratiladi.

Ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Endi joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shugʻullanadi. Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, 1 avgustdan ularning vakolati “Inson” markazlariga oʻtkaziladi.

Yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramoqqa olish boʻyicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashgan 160 ta taʼlim muassasasida bosqichma-bosqich “gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil qilinadi.

Ota-onasidan ayrilgan yigit-qizlarga koʻmaklashish tizimi ham oʻzgaradi. Endi “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida ularni qoʻllab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi.

Ichki ishlar tizimidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari “Hayot maktabi” sifatida qayta tashkil qilinadi. Ular tarbiyasi ogʻir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish boʻyicha kompleks xizmat koʻrsatadigan maskanga aylantiriladi.

Yetim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarga uy-joy berish tizimi ham qayta koʻrib chiqiladi. Bunda “Inson” markazlari tomonidan haqiqatda uy-joyga muhtoj yoshlar roʻyxati shakllantiriladi. Ularga beriladigan uy-joyning narxi bozor bahosidan kelib chiqib, hududlar kesimida belgilanadi.

Mutasaddilarga hozirda navbatda turgan etim bolalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berildi.

Zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar reabilitatsiya bilan yetarlicha qamrab olinmagani qayd etildi. Shu bois bu borada mahalla darajasida alohida tizim yaratiladi. Qiyin vaziyatdagi yosh onalarni qoʻllab-quvvatlash, goʻdaklar yetim qolishining oldini olish uchun “Onalar maskani” xizmati tashkil etiladi. Shuningdek, tuman shifoxonalarida zoʻravonlikka uchraganlarga tibbiy va ruhiy yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan xonalar ochiladi.

Yigʻilishda Bosh vazir, soha mutasaddilari va hokimlar ishni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini taʼminlaymiz desak, bu yangi tizimni joylarda samarali ishlatib, muhtoj insonlarga madad va umid bagʻishlashimiz kerak, – dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.