Ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar odamlar hayot sifatini oshiradi

0
248
marta koʻrilgan.

Tomdi tumani mamlakatimizning eng chekka hududlaridan. Qiyin iqlim sharoitiga qaramay, bu yerda turli millat vakillari ahil yashab, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshib kelmoqda. Prezident tashrifi ularning kayfiyatini, ruhiyatini koʻtarib yubordi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirishga doir rejalar bilan tanishdi. Viloyatning ushbu chekka tumanlari va Zarafshon shahrida sanoat va xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish tarmoqlarida koʻplab loyihalar amalga oshirilishi moʻljallangan. 

Xususan, Uchquduq tumani junni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi. “Qizilqum marvaridi”  korxonasi tomonidan gidroponika usulida issiqxona barpo etiladi. 

Zarafshon shahrida qurilish materiallari ishlab chiqarish, qariyb 2 ming boshga moʻljallangan qoramolchilik kompleksi, muzlatkichli omborxonalar barpo etish, baliqchilik xoʻjaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi. 

Tomdi, Konimex tumanlarida ham shu kabi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. 

Shavkat Mirziyoyev Konimex tumanida tuyachilikni rivojlantirish ishlariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu yerda ming bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga moʻljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilgan. Majmuada yiliga ming tonna tuya, 300 tonna echki suti olinib, shu yerda qayta ishlanadi. Bu joy nafaqat tuya va echkichilik majmuasi, balki yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylanadi. 

Davlatimiz rahbari majmuani Mustaqillik bayramigacha qurib bitkazish va sayyohlarga zarur sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Unga koʻra, Tomdi tumanida “Shodlik” Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bolalar shaharchasi quriladi. Maydoni 4,3 gektar boʻlgan shaharchada bolalar uchun barcha qulaylik yaratiladi. Qurilish ishlari mart oyida boshlanib, yil oxirigacha yakunlanadi. Zarafshon shahrida favvoralar xiyoboni barpo etish, Uchquduq tumanidagi “Konchi” sanatoriysini taʼmirlash va jihozlash loyihalari shaharlar obodligi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Prezidentimiz Zarafshon va Uchquduq shaharlaridagi koʻp qavatli uy-joy fondini taʼmirlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi. 

Shu yerda 2026 yilgacha qimmatbaho metallar qazib olishni koʻpaytirish, “Auminzo-Amantoy” konlarini oʻzlashtirish, Muruntov konini oʻzlashtirishning 5-bosqichi, Tomdi tumanidagi 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarini kengaytirish kabi loyihalar taqdimotlari ham oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari barcha loyihalarni oʻz vaqtida va yuqori sifat darajasida amalga oshirish, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.