Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar boʻyicha axborot berildi

0
9
marta koʻrilgan.

Davlat rahbariga ijtimoiy muhitni mustahkamlash hamda diniy maʼrifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyamizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Ming shukrki, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhiti hukm surmoqda. Barcha din vakillari ibodat amallarini emin-erkin ado etmoqda.

Oxirgi besh yilda diniy-maʼrifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va koʻplab qarorlar qabul qilindi. Yigʻilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xususan, yurtimiz musulmonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi taʼmirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.

Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Sohada malaka va ilm masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin boʻlmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy oʻrta maxsus taʼlim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qurʼoni karim va tajvid” kurslarini tamomladi.

Qabristonlarni obod qilish – savobli ish. Soʻnggi yillarda Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari obod qilindi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida bunyodkorlik davom etmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh taʼmirlanib, obodonlashtirildi.

Islom maʼrifatini keng yoyish va tajriba almashish maqsadida xalqaro aloqalar ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bu yil yurtimizda “Islom – ezgulik va tinchlik dini” hamda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, Bagʻrikenglik haftaligi oʻtkazildi.

Maʼlumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal gʻoyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar taʼsiriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh boʻlishi, ulamolar va nuroniylar toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishi kerak. 

Qoʻqon va Margʻilon shaharlari tajribasi asosida mahallalarda “Oqsoqollar va ota-onalar kengashlari” tuzilgani bunda muhim oʻrin tutmoqda. Yurtimiz hojilarining “Yangi Oʻzbekistonning fidoyisi boʻlib, maʼnaviyat targʻibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam boʻldi.

Bunday xayrli ishlarni davom ettirib, mahallalarda maʼnaviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ilmu hunarga chorlash muhimligi aytildi. Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Mamlakatimizdagi  diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.