Ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar haqida axborot berildi

0
18
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni qurilish, taʼlim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, joriy yil 3 aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha ilm-fan va maʼnaviyat maskanlaridan boshlanayotganiga urgʻu berib, “bular maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyamizning asosi va namunasi boʻladi”, degan edi.

Shulardan biri – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini oʻz ichiga olgan majmuadir. U jahonga mashhur “Zaha Hadid architects” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Boʻlajak majmua oʻziga xos dizayni  va funksionalligi bilan diqqatga sazovor. Unda estetika va qulaylik mohirona birlashtirilib, atrof-muhit bilan uygʻunlik hosil qiladi. Shu jihatlari bilan majmua kelgusida xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanadi.

Yangi Toshkent uchun yana bir salohiyatli goʻsha – Chirchiq daryosi. Aholi va mehmonlarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida uning 6 kilometrga yaqin qismida dam olish hududi barpo etish moʻljallangan. Buning uchun qirgʻoqlar tartibga keltirilib, koʻkalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sogʻlomlashtirish va koʻngilochar maskanlar quriladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistoning YUNYeSKO bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib bormoqda. Ushbu nufuzli tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025 yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 15 martdagi qaroriga muvofiq, bunga tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda rejalar toʻgʻrisida axborot berildi. Xususan, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Samarqand shahridagi madaniy meros obyektlarini asrash, ular boʻylab sayohatlar va koʻrgazmalar tashkil etish choralari koʻrilmoqda. Mehmonxonalar va tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda barcha sharoit yaratiladi. Sessiya ishtirokchilarining kelib ketishi, madaniy tadbirlar, transport va tibbiy xizmatlar muvofiqlashtirib boriladi.

Ijtimoiy sohadagi eng katta yoʻnalishlardan biri bu taʼlim. Aholisining koʻpchiligi yosh boʻlgan mamlakatimizda uning barcha bosqichlari izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, oliy taʼlimda ham yangi maskanlar qurilib, sharoitlar yaxshilanmoqda.

Buxoro davlat universitetida 21 mingdan ziyod yoshlar oʻqiydi, 10 ta fakultet, 8 ta yotoqxona bor. Lekin binolar shaharning turli hududlarida tarqoq joylashgan boʻlib, oʻqituvchi va talabalarga noqulayliklar tugʻdirmoqda.

Shu bois Buxoro shahrining chekkasida universitet uchun yangi kampus qurish rejalashtirilmoqda. 43 gektarda loyihalashtirilayotgan majmuada barcha fakultetlar, maʼmuriyat, yotoqxonalar, laboratoriyalar, kutubxona, stadion, sport zali va amfiteatr yaxlit joylashadi. Dars va amaliyot uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Yotoqxona oʻrni 3 mingtadan 6 mingtaga oshadi. Boʻsh maydonlarga daraxtlar ekilib, bogʻ barpo etiladi.

Xiva shahri yurtimizning turizm manzillaridan biri. Soʻnggi yillardagi bunyodkorlik ishlari natijasida uning salohiyati yanada oshdi. Bu yerga keluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida poyezd vokzali yonida yoʻl oʻtkazgich barpo etish moʻljallanmoqda. Loyihaga koʻra, 450 metrlik bu yoʻl transportlar qatnovini alohida tashkil etish imkonini beradi, vokzal va Ichan qalʼa oʻrtasida piyodalar xavfsiz harakatlanadi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni takomillashtirish, amaldagi ishlarning sifatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Taqdimotda Toshkent shahrida investitsiya dasturlarining bajarilishi haqida ham axborot berildi. Qayd etilgandek, joriy yilning oʻtgan davrida 2 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalar oʻzlashtirilgan. 200 ga yaqin sanoat loyihalari foydalanishga topshirilib, 25 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgan. Jumladan, Yangihayot tumanidagi texnoparkda 46 ta korxona tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz yil yakunigacha moʻljallangan loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, energiya tejamkorlikka alohida ahamiyat qaratish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.