Ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
80
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yangilangan Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat deb belgilanib, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, har bir inson uchun teng sharoitlar yaratish kafolatlangan. Shu maqsadda nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatini ragʻbatlantirish, tazyiq va zoʻravonlikka uchraganlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda faqat yagona taʼsischisi nogironlik birlashmasi boʻlgan korxonalar mahsulotlari davlat buyurtmasi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilinadi.

Shu bilan birga, yurtimizda ishchilarining 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat 669 ta korxona hamda 8 ming 300 nafar yakka tartibdagi tadbirkor bor. 1-2 may kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan “Inson uchun” nomli koʻrgazmada ularning mahsulotlari namoyish etilib, 360 milliard soʻmlik shartnomalar imzolandi.

Bu borada aholiga keng imkoniyat yaratish maqsadida xodimlari sonining kamida 50 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat boʻlgan barcha tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning mahsulotlarini davlat buyurtmasi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Buning natijasida 3 mingga yaqin tadbirkorlar tomonidan qoʻshimcha 20 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlash imkoni yaratiladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zoʻravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

Yurtimizda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida koʻrsatiladigan xizmatlar yoʻq. Tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham yuqori emas.

Shu bois zoʻravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga koʻra, mahalla darajasida   ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli tomonidan tazyiq holati oʻrganilib, doimiy kuzatib boriladi. Tuman miqyosida  “Inson” markazlarida himoya orderi talab qilmasdan psixologik, huquqiy va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi. Shifoxonalarning shoshilinch boʻlimlarida birlamchi koʻmak xonalari tashkil etiladi.

Viloyat darajasida reabilitatsiya markazlarida ariza talab etmagan holda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq 6 oygacha boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatiladi.

Bundan tashqari, taʼlim va mehnat munosabatlarida zoʻravonlikning oldini olish choralari ham koʻriladi. Bunda himoya orderini berish bilan bir vaqtda zoʻravonni tuzatish dasturi ishlab chiqiladi va “Inson” markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari tomonidan zoʻravonlarning reestrini yuritish tartibi joriy etiladi.

Zoʻravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi. Bu sohada nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlantiriladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, ularni manzilli yoʻlga qoʻyish, har bir ayol uchun munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.