Ijtimoiy xizmatlar sohasiga oid takliflar koʻrib chiqildi

0
28
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash, nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyada oila muhitida kamol topish farzandning uzviy huquqi ekanligi belgilangan. YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, dunyoda yetim bolalarning yarmi ijtimoiy himoya xizmatlari bilan qamrab olinmagan. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 23 sentyabrdagi farmoni bilan qabul qilingan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda gʻamxoʻrlik koʻrsatish hamda tarbiyalash vazifalari ham belgilangan.

Shunga muvofiq, bunday bolalarni tarbiyaga berish va ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Jumladan, bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qoʻllab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng soʻnggi chora sifatida joylashtiriladi.

Farzandlarni oilaning kambagʻalligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Kambagʻal oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga toʻlguncha bogʻcha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamgʻarmasidan kompensatsiya beriladi.

Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi boʻlgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, onalik koʻnikmalari oʻrgatiladi hamda kasb egallashiga koʻmaklashiladi.

Bu kabi xizmatlarni tashkil kilishda nodavlat tashkilotlari ham keng jalb qilinadi. 

Ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar tarbiyaga berilguniga qadar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. 

Yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar maʼlumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi.  “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi. 

Shuningdek, bu markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi. 

Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi. Tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari toʻlanadi.

Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, shu sohada yana bir hujjat – “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida” qonun maʼqullangan. Unda bu boradagi huquqiy asoslar mustahkamlanib, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qiluvchi davlat organlari hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Prezidentimiz ushbu qonunni imzoladi. 

Taqdimotda nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etishga qaratilgan takliflar ham koʻrib chiqildi.

Yurtimizda 19 ta parasport turi bilan shugʻullanishga sharoit yaratilgan. 25 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar sport bilan shugʻullanib kelmoqda.

Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar koʻzda tutilmoqda. Xususan, davlat sport maktablarida adaptiv sport boʻyicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi boʻlgan shaxslarga ham moslashtirish taklif etilmoqda.

“ERP-sport” elektron tizimida nogironligi boʻlgan shaxslarning alohida hisobini yuritish orqali ularning imkoniyatiga mos sport turlari avtomatik aniqlanadi. 

Reabilitatsiya markazlarida jismoniy terapiya, mexanoterapiya, fizioterapiya kabi zamonaviy reabilitatsiya usullarini qoʻllash kengaytiriladi.

Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashga ham eʼtibor kuchaytiriladi. Bu yoʻnalishda xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlganlar hamda ularning murabbiylarini moddiy  ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.