Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni ijtimoiy yordamlarning manzilliligini oshirish, nogironligi boʻlganlarni parvarishlashning yangi tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu haqda 13 dekabrda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, jahon tajribasi va hayot talabini inobatga olgan holda, qator takliflar ishlab chiqildi.
Jumladan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy yordamlar “Kambagʻal oilalar reestri”ga kirgan oilalarga koʻrsatilishi belgilanmoqda. Bunda mablagʻlarni tuman va shaharlardagi aholi, nogiron shaxslar va kambagʻal oilalar soniga mutanosib ravishda taqsimlash tartibi joriy etilmoqda.
Oilaning kambagʻal deb eʼtirof etilishi uning aʼzolaridan qoʻshimcha ariza va hujjatlarni talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar koʻrsatilishiga asos boʻladi.
Shu bilan birga, samarasiz va talab yuqori boʻlmagan ijtimoiy yordamlar maqbullashtirilib, 28 turdagi ijtimoiy yordamning yagona roʻyxati tasdiqlanadi. Ijtimoiy daftarlar hisobidan ajratiladigan davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajatlarini Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida yuridik shaxs boʻlmagan “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etiladi. Uning mablagʻlari hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-amaliy va infratuzilmaviy muammolarini bartaraf etish, sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va sportni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni asrash tadbirlariga sarflanadi.
Davlatimiz rahbari nogironligi boʻlgan bolalarga alohida mehr-eʼtibor koʻrsatish xayrli ekanini aytgan edi.
Shu bois 3-18 yoshdagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda. Unga bolalar ota-onalar bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi.
Joriy yil yakuniga qadar bu xizmatlar bilan 2 mingga yaqin ogʻir nogironligi boʻlgan bolalarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu ularning onalari uchun ishlash va taʼlim olish kabi imkoniyatlar yaratib, oila farovonligiga xizmat qiladi.
“Bolalar salomatligi” axborot tizimi ishga tushirilib, har bir farzandga qoʻyilgan tashxis tahlil qilib boriladi. Ularga tibbiy, reabilitasiya, taʼlim, ijtimoiy xizmatlar kompleks ravishda koʻrsatiladi.
Bunday muassasalarga har bir bola uchun subsidiya va xaridlar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ota-onalarning kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangani uchun oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlaridan soliq olinmaydi.
Taqdimotda oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga koʻmaklashish tadbirlari haqida ham axborot berildi.
Bu jarayon “etti imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida tashkil qilingan. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, daromadi va mulkni baholaydigan “Kambagʻal oilalar reestri” axborot tizimi ishga tushirilgan.
Shu asosida, 48 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 10 mingdan ziyodi kasbga oʻqitildi, 14 ming nafariga kredit va subsidiyalar ajratildi. 140 ming oilaga shifokorlar biriktirildi, 38 ming fuqaroga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatildi. 32 ming bola bogʻchaga joylashtirilib, qariyb 7 ming yoshlar kirish imtihoniga tayyorlash uchun universitetlarga biriktirildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, kambagʻallik reestrini oilalarning mehnatga layoqatiga qarab tabaqalashtirish, mehnatga layoqatli boʻlmaganlarni davlat ijtimoiy himoyasiga olish, ularni ijtimoiylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.