Ikki tomonlama munosabatlar tarixida muvaffaqiyatli yil

0
149
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Tojikiston delegatsiyalarining keng tarkibdagi muzokalari boshlandi. Unda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. 

Mamlakatlarimiz oʻrtasida erkin savdo tartibi joriy qilingan. 2002 yilda Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya tuzilgan. Ushbu komissiyalarning hamraislari ikki mamlakat Bosh vazirlari ekani tomonlarning bu aloqalarga katta ahamiyat berishidan dalolatdir.   

2018 yil ikki tomonlama munosabatlar tarixida gʻoyat muvaffaqiyatli boʻldi. Yil boshidan buyon turli darajalarda ellikdan ortiq uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning toʻrtta majlisi oʻtkazildi. 

Oʻzaro savdo hajmi joriy yilning birinchi yarmida 2017 yilning shu davriga nisbatan 35 foizdan ziyod oʻsdi. Qiymati 300 million dollardan ziyod boʻlgan savdo shartnomalari va bitimlar imzolandi. 

“Hamkorligimizda hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Shunday ishlashda davom etsak, tez orada tovar ayriboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazamiz. Aslida salohiyatimiz – kamida 1 milliard dollar”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaga oʻzaro savdo hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Ikki mamlakat biznes tuzilmalari va chegaraoldi hududlari oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi texnikasini yigʻish, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor toʻqimachilik, elektrotexnika  mahsulotlari va boshqa tovarlarni ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirishga kelishib olindi.  

Transport va tranzit tashish, energetika va gidroenergetika, suvdan foydalanish sohalarida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligi samardorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.  

Tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqladi,deya xabar beriladi prezident. uz saytida.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.