Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish, Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga faol qatnashayotgan qariyalarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan faxriylarning moddiy taʼminotini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. 2021 yil 10 maydan boshlab 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – 2,5 million soʻm etib belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlarga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV