Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni taʼminlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va taʼlim yoʻnalishlari uygʻunligiga erishish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini inobatga olgan holda foydalanishni yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2360-sonli qaroriga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga boʻlgan talabi parametrlarining balans hisob-kitobi ishlab chiqildi;
aniq yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha tayyorgarlikka ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga moʻljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik boʻyicha ishga joylashuvi monitoringi maʼlumotlari asosida 2018/2019 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.
2. 2018/2019 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha umumiy kvota:
1-ilovaga muvofiq bakalavrlar uchun 69 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha – 17 654 nafar va toʻlov-kontrakt asosida – 51 546 nafar;
2-ilovaga muvofiq magistrlar uchun 5 903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha – 1 552 nafar va toʻlov-kontrakt asosida – 4 351nafar;
3-ilovaga muvofiq maxsus sirtqi boʻlimlarda bakalavrlar uchun 11 765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha – 15 nafar va toʻlov-kontrakt asosida – 11 750 nafar etib belgilansin.
3. 2018/2019 oʻquv yilida qabul qilish kvotalari:
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3702-sonli qarori bilan;
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–3703-sonli qarori bilan;
Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali va Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3704-sonli qarori bilan;
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti uchun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi “Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–3737-sonli qarori bilan tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018/2019 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga oʻtkir talab mavjud boʻlgan hududlar uchun maqsadli qabul boʻyicha kvotalarni Oʻzbekiston Respublikasining tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish boʻyicha taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.
5. Belgilansinki, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida “Maktabgacha taʼlim” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash oʻqish muddati 3 yil boʻlgan bakalavriat taʼlim dasturlari doirasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini toʻlaqonli tashkil etish uchun “Maktabgacha taʼlim” bakalavriat taʼlim yoʻnalishining malakaviy talablari, oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligining 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialiga oʻqishga qabul qilishni qaytadan tiklash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligi 2018 yil 1 iyulgacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filialining oʻquv binolari, laboratoriyalari va talabalar turar joylarini yangi 2018/2019 oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlarini yakunlasin, shuningdek, ularni zarur uskunalar bilan jihozlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:
bakalavriat taʼlim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish chogʻida abituriyentlar toʻplagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish;
yangi yoʻnalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat hamda magistraturaning qabul kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish;
iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan tumanlarining mutaxassislarga boʻlgan oʻrinli ehtiyojlarini qondirish uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul koʻrsatkichlarini belgilash.
8. Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda uch hafta muddatda tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura boʻyicha davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻrinlar kvotasini taʼlim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
“Oʻzstandart” agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari yuzasidan Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin;
ikki oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malakaviy talablar, oʻquv rejalari hamda dasturlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika oliy taʼlim muassasalari reytingini har yili aniqlash milliy tizimini reytingning ustuvor koʻrsatkichlarini belgilashda kadrlarga asosiy buyurtmachilarning – vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning talablariga alohida eʼtibor qaratgan holda takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda kadrlarning asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkazsin va natijalari boʻyicha ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan talablarga javob bermaydigan mutaxassislik kafedrasining faoliyatini tugatish haqida takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018/2019 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyulgacha oʻqitishga sarflanadigan jami xarajatlardan kelib chiqqan holda qiymat miqdorini aniqlashni nazarda tutadigan, oliy taʼlim muassasalarida talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki boʻlimlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli isteʼmolchilar talablarini hisobga olgan holda, Davlat komissiyasiga ehtiyoj yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimida asoslangan takliflar kiritsin.
Belgilansinki:
oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim boʻlimlariga umumiy qabul kvota respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga 2018/2019 oʻquv yili uchun tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 30 foizigacha boʻlgan miqdorida belgilanadi;
oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim boʻlimlarida oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim boʻlimlarida oʻqitish qiymati tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi oʻqitish shakli qiymatidan kam boʻlmagan miqdorida belgilanadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda har yili yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining oʻquv rejalari hamda dasturlarini mehnat bozori konʼyunkturasining tez oʻzgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini taʼminlaydigan zamonaviy fanlar kiritgan, ishlab chiqarish va real iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilishni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalari taʼlim jarayoniga xorijiy yetakchi olimlar, mutaxassis-amaliyotchilar va yuqori malakali oʻqituvchilarni tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha dars mashgʻulotlarini oʻtkazishga jalb etish choralarini koʻrsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:
kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va 2018/2019 oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishga qabul qilingan va oʻzi tomonidan taqsimlangan talabalar sonini;
2018/2019 oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishga qabul qilingan talabalarning amaliyot oʻtash obyektlari roʻyxatini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hayʼatlari amaliyotiga:
oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnat faoliyati davomida ularning bilim va koʻnikmalarida kuzatilgan kamchiliklarni ish beruvchilar ishtirokida har chorakda kamida bir marta muhokama qilish;
har yil yakuni boʻyicha, lekin keyingi yilning fevral oyidan kechiktirmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksiga tayyorlanayotgan kadrlar malakasidagi kamchiliklar toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan tahliliy axborot, shuningdek, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiya va takliflar taqdim etish kiritilsin.
Ushbu band ijrosining nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3151-sonli qaroriga muvofiq oliy taʼlim muassasalari biriktirilgan Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2018 yil 4 iyun
Manba: OʻzA