Akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
35
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston ilm-fani va adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Filologiya fani sohasida atoqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yil 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

N.Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tugʻildi. 1955 yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy taʼlim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.

Oʻz mehnat faoliyatini 1958 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan zahmatkash va fidoyi olim koʻp yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, boʻlim mudiri vazifalarida ishladi. 1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2002 – 2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamgʻarmasi raisi hamda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qoʻshdi.

N.Karimov XX asr oʻzbek adabiyotini oʻrganish boʻyicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yoʻnalishda oʻziga xos maktab yaratdi. Xususan, maʼrifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bagʻishlangan koʻplab monografiya va tadqiqotlari, maʼrifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va oʻquv qoʻllanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. 

Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik samarali xizmatlari uchun 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Olimning mustabid tuzum yillarida qatagʻon etilgan fidoyi ziyolilarimizning ibratli hayoti va faoliyatini har tomonlama oʻrganish, ularning ilmiy-maʼrifiy merosini ommalashtirish borasidagi xizmatlari nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham eʼtirof etilgan.

Serqirra olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.

Uning bevosita rahbarligida koʻplab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.

Akademik N.Karimovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Naim Karimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov,
B.Yoʻldoshev, S.Sayidov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.