Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda islom fani va madaniyati rivojiga bemisl hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish, xalqimizga yetkazish va olamda targʻib etish, oʻsib kelayotgan yoshlarimizni buyuk bobolar izidan boradigan munosib avlod etib tarbiyalash boʻyicha mazmuni va ahamiyati jihatidan ulkan ishlar oshirilmoqda. Mamlakatimiz barcha hududlarida buyuk ajdodlar xoki yotgan manzillar obod etilmoqda, ular ziyoratchilar qadami uzilmaydigan muborak maskanlarga aylantirilmoqda, deya xabar beriladi uza.uz saytida
Ushbu oʻzgarishlarni xalqaro ilmiy doiralarning ekspert va mutaxassislari ham eʼtirof etmoqda. 2017 yilning dekabrida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy mamlakatimizga tashrif buyurib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, istiqbolda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirgan edi.
Yaqinda yurtimizning yetakchi islomshunos olim va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar qildi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqotda hamkorlik rejalari, amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar muhokama etildi. Kelishuvga binoan oʻzbekistonlik islomshunos tadqiqotchilar Oksfordda tahsil olib, ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazadi. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy singari allomalar asarlari ingliz va oʻzbek tillarida nashr etiladi. Buyuk Britaniya kutubxonalari va qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid madaniy meros obyektlari, noyob qoʻlyozmalarning nusxalari olinib, tadqiq etiladi.
– Oʻzbekistondagi islom ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik biz uchun katta sharaf, – deydi Farhan Nizomiy. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning maʼrifiy islomni oʻrganish va targʻib etish haqidagi takliflarini yuqori baholaymiz. Oksford islom tadqiqotlari markazi Oʻzbekistonda yangi tashkil etilgan markazlarning Yevropa va Amerikaga chiqishi uchun vositachi boʻlishga tayyor.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning qadimiy Bodlean kutubxonasi, Seynt Jons kolleji, Fan tarixi muzeyi, Ashmolean muzeyida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Eʼtiborli jihati, Seynt Jons kollejida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma manbalar orasida Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, Mirzo Ulugʻbek yozgan “Ziji Koʻragoniy” asarlarining nodir nusxalari saqlanmoqda. Kelajakda yurtimizdan Oksfordga boradigan mutaxassislar bu manbalarning fotonusxalarini olish va tadqiq etish bilan shugʻullanadi.
Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi taklifiga asosan Oksforddagi Fan tarixi muzeyi direktori doktor Akkerman bilan muzey fondida saqlanayotgan nodir ekcponat – Mirzo Ulugʻbek globusining nusxasini tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishilganini ham alohida taʼkidlash joiz.
Bunday uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz, yurtimizdagi markazlarning xalqaro miqyosdagi nufuzi va obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga, Oʻzbekiston islom ilmi va madaniyatining beshigi, degan sharafli maqom xalqaro miqyosda yana bir bor eʼtirof etilishiga xizmat qiladi.