Oʻzbekistonning Islom madaniyati rivojidagi beqiyos oʻrni

0
84
marta koʻrilgan.

Endi uni dunyoga tanitish uchun huquqiy asos yanada mustahkamlandi 

Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan va 2018 yil 4 aprelda matbuotda eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasining «Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti Ustavini (Boku, 2015 yil 26 noyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida»gi qonuni shu maqsadga xizmat qiladi. 

Avvalo, Islom tashkiloti va uning qaysi yoʻnalishda faoliyat yuritishiga toʻxtalib oʻtsak. 

Islom tashkiloti (AYSESKO) Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning ixtisoslashtirilgan muassasasi hisoblanadi. Tashkilotning qarorgohi Marokash qirolligining Rabot shahrida joylashgan. Tehron (Eron Islom Respublikasi) va Sharja (BAA) shaharlarida mintaqaviy ofislari mavjud. 

AYSESKOning ish tillari arab, ingliz, va fransuz tillaridir. 

AYSESKO Ustavi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 2017 yil 26 avgustda imzolangan. Mazkur Ustav muqaddima va 22 moddadan iborat. Ustavning 4-moddasiga muvofiq, AYSESKOning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: 

aʼzo davlatlar oʻrtasida taʼlim, fan, madaniyat va kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash; 

shuningdek, mazkur sohalarni insonparvar islom qadriyatlari nuqtai nazaridan rivojlantirish va yaxshilash. Turli vositalar yordamida, jumladan, taʼlim, fan, madaniyat va kommunikatsiya orqali aʼzo davlatlarda hamda ulardan tashqarida xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamfikrlikni jamlantirish hamda butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikka erishishga oʻz hissasini qoʻshish; 

Islom dini va madaniyatining toʻgʻri shaklini targʻib qilish. Madaniyatlar, xalqlar va dinlar oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirishga koʻmaklashish. Islom madaniyati nuqtai nazariga muvofiq, inson huquqlari va erkinliklari prinsiplari bilan bir qatorda, adolat va tinchlik qadriyatlarini ommalashtirish yoʻnalishida ish olib borish; 

aʼzo davlatlarda madaniy oʻziga xoslikni saqlab qolgan holda madaniy hamkorlikni ragʻbatlantirish va madaniy rang-baranglikning turli jihatlarini qoʻllab-quvvatlash; 

Islom hamkorlik tashkilotining taʼlim, fan, madaniyat va kommunikatsiya sohasidagi ixtisoslashtirilgan muassasalari hamda AYSESKOga aʼzo davlatlar oʻrtasida aloqalarni mustahkamlash. Ularning uygʻunligi va bir-birini toʻldirib turishiga erishish. Hukumatga qarashli boʻlgan va hukumatga qarashli boʻlmagan shu kabi muassasalar bilan hamkorlik va sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga koʻmaklashish; 

aʼzo davlatlarning taʼlim tizimlari oʻrtasida oʻzaro aloqalar oʻrnatish. Ularning bir-birini toʻldirib turishini taʼminlash va boshqalar. 

Ustavda, shuningdek, AYSESKO organlarining maqomi, aʼzolik va kuzatuvchi maqomini olish tartibi, mansabdor shaxslarning vakolatlari, Tashkilot faoliyatining moliyaviy jihatlari belgilangan. 

Ustavning 6-moddasiga muvofiq, IHTga aʼzo boʻlgan har bir davlat Ustavni rasmiy imzolangandan keyin hamda yuridik va huquqiy rasmiy tartib-taomillar bajarilgach hamda AYSESKO Bosh direksiyasi yozma shaklda xabardor qilingach, AYSESKO aʼzosiga aylanadi. 

Oʻzbekiston tomonidan Ustavning ratifikatsiya qilingani taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorlikning yanada rivojlanishiga keng yoʻl ochishi shubhasiz. Mazkur hujjat madaniy-gumanitar sohada Oʻzbekiston erishgan yutuqlarni keng targʻib qilishda yana bir huquqiy zamin boʻldi. 

Shuningdek, mamlakatimizning Islom madaniyati rivojidagi beqiyos oʻrnini yoritish, qadimiy tariximiz va madaniy merosimiz bilan tanishtirish, AYSESKO doirasida Oʻzbekiston aloqalarini kengaytirish imkonini beradi. 

Ustavning ratifikatsiya qilingani Toshkent islom universiteti qoshidagi AYSESKO maxsus kafedrasining toʻliq faoliyatini taʼminlashga yoʻl ochdi. Bu, oʻz navbatida, uning rivojlanishiga koʻmaklashadi. Mazkur kafedra IHT ga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda oʻtkazilgan 43-sessiyasida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan. Bu tashabbus mazkur kengashning navbatdagi sessiyasida qoʻllab-quvvatlangan. 

Norgul Abduraimova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.