Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻyu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan bebaho durdona ikki kitobdan iboratdir. Sobiq sovetlar davrida hayoti va ijodi oʻrganilishi taqiqlangan allomaning ushbu asari Mustaqillik sharofati va tariximizga munosabat oʻzgarganligi tufayli darsliklardan oʻrin oldi. Masalan, 9-sinf adabiyoti majmuasiga Nosiruddin Burhonuddin Rabgʻuziy(oxirati obod boʻlsin)ning mashhur asarlaridan namunalar kiritilgani buning isbotidir. “Qisasi Rabgʻuziy” asari oʻzbek nasriy adabiyotining birinchi yirik namunasidir.
El orasida qadimdan mashhur boʻlgan bu asar “Paygʻambarlar qissasi” yoki “Avliyolar qissasi”deb ham yuritiladi. Zero, asarda Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhis-salomgacha oʻtgan barcha paygʻambarlar haqida zikr etiladi. Kitobda afsonaviy paygʻambarlar bilan birga paygʻambarlashtirilgan shaxslarga, jumladan, Luqmoni hakim, Iskandar Zulqarnaynga ham katta oʻrin berilgan.
Asar muqaddimasida aytilishicha, qoʻlyozma Xorazmda Rabotoʻgʻuz degan joyning qozisi Burhonuddin oʻgʻli Nosiruddin tomonidan musulmon dinini qabul qilgan, eʼtiborli moʻgʻul beklaridan hisoblangan Nosiruddin Toʻqbugʻaning iltimosiga koʻra, hijriy 709 (milodiy 1309–1310) yilda yozilgan. Nosiruddin Rabgʻuziy asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning Hut (melodiy 1310 yil 21 fevral-21mart) oyida nihoyasiga yetkazadi. Bu haqida qoʻlyozmaning soʻzboshisida yaʼni, Rabgʻuziyning oʻzi tomonidan yozilgan birinchi kitobdagi muqaddimada keng qamrovli sharh berilgan.
Shuningdek, muallif ikkinchi kitobning sheʼriy xulosasida ham uni qachon yozganligini ifoda etadi. “Oʻzgalar dunyo lazzati deb, qimmatbaho toshlardan mol dunyo yiqqanida, xushmanzara joylarda koʻngil ochib yurganida men soʻzdan gavharu dur tuzdim”, deb bashorat qiladi. Darhaqiqat, ushbu kitob oʻlmas ganjina boʻlib, asrlardan asrlarga, xalqlar tilidan oʻzga xalqlar tiliga oʻtib kelyapti. Rabgʻuziy uni shunday ifoda etadi:
Oʻzgalar koʻp olamunchoq tuzdilar el tizginib,
Man guvar, dur, yinju tuzdim, kezmadim yobon yozi.
Yetti yuz oʻn erdi yilgʻakim bitildi bu kitob,
Tugʻmish erdi ul oʻgʻurda Hut saodat yulduzi.
Darhaqiqat, allomaning oʻzi aytganidek, asarni duru gavharga qiyos etgulik. Ayni paytda bu kitobni butun jahon ahli oʻqib oʻrganayotganligi buni tasdiqlaydi.
Asarning eng qadimiy qoʻlyozmasi XV asrda koʻchirilgan boʻlib, u Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Ushbu nusxaning faksimelisi mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan. Qarangki, bizning kitobxonlarimizga oʻqish taʼqiqlangan kitob, oʻsha davrda Yevropada keng tarqalgan va qiziqish bilan oʻqilgan.
Rabgʻuziy asarining qoʻlyozma nusxalaridan eng moʻtabarlaridan yana biri Rossiya Sharqshunoslik institutining Sank-Peterburg boʻlimida S-245 inventar raqami bilan saqlanayotgan nusxasi boʻlib, u XV yoki XVI asrda koʻchirilgan deb taxmin qilinadi.
“Qisasi Rabgʻuziy”ning boshqa nusxalari keyingi davrlarda koʻchirilgan boʻlib, bularning leksikasi vaqt taqozosiga koʻra oʻzgarib borgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida yodgorlik Toshkent, Qozon shaharlarida litografiya asosida bir necha marta nashr qilingan. Asarning toʻla teksti ilk marta rus turkshunos olimi N. I. Ilminskiy tomonidan 1859 yili Qozon shahrida eʼlon qilingan. Bu nashr nisbatan keyinroq koʻchirilgan nusxaga asoslangan boʻlib, til jihatdan asl nusxadan ancha farq qiladi.
XIX asr oxirlari va XX asrning boshlarida “Qisasi Rabgʻuziy”ning ayrim parchalarining ruscha tarjimasi, baʼzi lingvistik sharhlar bilan P. M. Melioranskiy, S. Ye Milov, N. F. Katanov, N. F. Ostroumov kabi olimlar tomonidan oʻquvchilar hukmiga havola qilingan. Olimlarning asarga boʻlgan eʼtiborining oʻzi ham bu asarning katta ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatib turibdi.
Ayniqsa, ushbu asar milliy kitobatimiz tarixining durdonasi ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega.
Nosiruddin Burxonuddin Rabgʻuziyning (oxirati obod boʻlsin) “Qisasi Rabgʻuziy” asari Mustaqilligimiz sharofati va bir guruh olimlarimizning saʼy-harakati bilan kitob javonlarimizdan oʻrin oldi. Asarning eng qadimiy qoʻlyozmasi boʻlmish, XV asrda koʻchirilgan, Britaniya muzeyida saqlanayotgan nusxaning faksimelisi yaʼni mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan faksimile-“Qisasi Rabgʻuziy” kitobini tayyorlovchilar – filologiya fanlari nomzodlari Abdullo Yunusov, Hamidullo Dadaboyev tomonidan asos qilib olingan. “Yozuvchi” nashriyotida 1990 yil chop etilgan kitobga filologiya fanlari doktori, professor Ergash Fozilov soʻzboshi yozgan. Oyatlar, hadislar, arabiy sheʼrlarni hozirgi oʻzbek tiliga filologiya fanlari nomzodi Yusufxon Shokirov tarjima qilgan.
Biroq, ushbu asarning tili juda murakkab boʻlib, bugungi kitobxonning tushinishi juda qiyin. Shuning uchun ushbu kitobni qadimiy turkiy tildan bugungi zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirib, barcha kitobxonga tushinarli boʻlishiga intildik. Zero, oradan yetti asarlik davr oʻtgan. Turkiy adabiy tillar, turkiy tilda bunyod etilgan yozma manbalar shakllanish va rivojlanishning murakkab bosqichlarini bosib oʻtgan.
Kitobni oʻqir ekanmiz, Nosiruddin Rabgʻuziy oʻz asarini ayni navroʻzi olam arafasida meʼyoriga yetkazgani ham tasodif boʻlmasa kerak, deb oʻylaymiz. Chunki, undagi insonlarni bir-birlariga jabr – zulm qilmay, nohaq qon toʻkmay, xarom – xarish ishlarga berilmay, sharm-hayoni eʼzozlab yashashga undovchi oʻgʻit va hikmatlari navroʻzi olam kabi bugungi kunda ham oʻz mohiyatini yoʻqotgan emas. Asarda eʼtiqod va iymonga sodiqlik, pok axloqning hirsu hasad, qonxoʻrlik, badnafslik ustidan gʻalabasi tasvirlanadi. Qadimiy turkiy soʻz sanʼatining goʻzal va gʻaroyib obidasida paygʻambarlar hayoti Sharqning donishmandligi ila goʻzal afsona va rivoyatlar orqali aks etgan.
Rabgʻuziyning kitobida taʼkidlanishicha, Odam Atodan Muhammad alayhis-salomgacha bir yuz yigirma toʻrt ming paygʻambar oʻtgan. Baʼzi paygʻambarlar bir davrda zamondosh boʻlib, yonma yon yashashgan. Masalan, Rabgʻuziy oʻz asarida Muso bilan Xizirni, Muso bilan Xorunni, Muso bilan Lutni, Dovud bilan Ishmuilni, Xizir bilan Ilyosni, Maxaharqiyo bilan Yunusni zamondosh deb tasvirlaydi. Masalan, Rabgʻuziy Ilyos paygʻambarning hayotini tasvirlaganida shunday suhbatni keltiradi:
- Sen Jalil togʻida turgan Ilyosmisan?-soʻradi Armala.
- Bale, – javob qildi Ilyos.
- Men sen aytayotgan soʻz uchun uch yuz yetmish paygʻambarni oʻldirdim. Ularning yetakchisi sensan. Men seni oʻldi deb hisoblayman. Sen oʻz oyoqing bilan oʻlimga kelding.
Demak, Rabgʻuziy oʻz asarida taʼkidlashicha, Ilyos paygʻambar bilan zamondosh uch yuz yetmish paygʻambar boʻlgan.
Rabgʻuziyning birinchi kitobida Odam Ato alayhis-salom, Shis alayhis-salom, Idris alayhis-salom, Nuh alayhis-salom, Hud alayhis-salom, Solih alayhis-salom, Ibrohim alayhis-salom, Ismoil alayhis-salom, Isʼhoq alayhis-salom, Lut alayhis-salom, Yoqub alayhis-salom, Yusuf alayhis-salom, Muso alayhis-salom kabi oʻn uch nafar paygʻambar hayoti va faoliyati haqida alohida hikoya qilinadi.
Ikkinchi kitobida esa Muso alayhis-salom, Xorun alayhis-salom, Dovud alayhis-salom, Ishmuil alayhis-salom, Sulaymon alayhis-salom, Maxaharqiyo alayhis-salom, Yunus alayhis-salom, Ilyos alayhis-salom, Jirjis alayhis-salom, Luqmoni raximahullohi, Uzayr alayhis-salom, Zakariyo alayhis-salom, Yahyo alayhis-salom, Iyso alayhis-salom, Zulqarnayn, Muhammad Rasululloh kabi oʻn yetti nafar yalovoch va tarixiy shaxslarning hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.
Shuningdek, paygʻambarlarning zavjasi(xotini) yoki volidasi(onasi) boʻlgan avliyo, salohiyatli ayollarga ham lutfan alohida sahifalar bagʻishlagan. Odam Ato yonida Momo Havoni, Ibrohim paygʻambar bilan Sora raziyallohu anhuni, Ismoil paygʻambar bilan onasi Bibi Hojarni, Yusuf bilan Zulayhoni, Iysoning volidasi Bibi Maryamni, Muhammad Rasululloh yonida Xadicha raziyallohu anhu va Oyisha raziyallohu anhuni goʻzal tasbehlar bilan aks ettiradi.
Bu ikkala kitobda yigirma toʻqqiz nafar paygʻambar va tarixiy shaxslar haqida alohida qissalar mavjud boʻlib, ularning hayoti, faoliyati hadislar, sharqona rivoyatu hikmatlar orqali juda qiziqarli ifoda etilgan. Qurʼoni karimdan oyatlar keltirilishi asarning orginalligini oshirgan. Ikkinchi kitobning oʻzida yetti yuzga yaqin oyatu hadislardan misollar keltiriladi.
Shuningdek, rivoyatlar va hikmatlar orqali farishtalar bilan parilarning, obidlar bilan zohidlarning farqi nimadaligi, Yaʼjuj bilan Maʼjuj haqidagi axborotlar asosli va gʻoyat goʻzal ifodasini topgan. Mis, simob, temir, oltin kabi kimyoviy elementlarning kashf etilishi, ishlatilishi ham ushbu soha egalarini, kimyogarlarni qiziqtirishi tabiiy. Kimyoviy elementlarning kitobdagi ifodasi ota-bobolarimiz azal-azaldan ilmu fanga juda qiziqqanligini oʻzida aks ettiradi.
Sharqda Iskandar Zulqarnayn deb tilga olingan shaxsning Aleksandr Makedonskiyga daxldorligi, Zulqarnayn nisbasiga oid talqinlar shunchalar xilma xilki, bu muammo yechimi dunyo olimlarini mudom oʻylantirib, bahslarga sabab boʻlib keladi. Chunki, uning tarixiy shaxs va adabiy obraz sifatidagi talqinlari baʼzan bir-biridan keskin farq qiladi, shuningdek, Zulqarnayn nisbasi haqida ham turli xil qarashlar mavjud.
Zulqarnaynga oid ilk manba Qurʼoni Karim boʻlib, “Kahf” surasining 83: 98 oyatlarida u haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan. Ushbu muborak manbada Iskandarning avval gʻarbga borib, bir qavmni toʻgʻri yoʻlga chaqirishi, keyin esa Sharqqa borib boshqa bir qavmni hidoyatga chorlashi taʼkidlanadi. Rabgʻuziy ham Zulqarnayn haqida Qurʼoni Karimga asoslanib yozganligi keltirilgan misollaridan koʻrinib turadi. Masalan: “Zulqarnayn Iskandariya nomli joydan boʻlgani uchun Iskandar deb ataldi. Zulqarnayn ham unga keyinchalik berilgan nom boʻlib, yer yuzining magʻribidan mashriqigacha bosib olib, boʻyinsundurgani uchun shunday ataldi. Qarn arab tilida muynuz(munguz, shox) demakdir. Ikki muynuzlik degan maʼnoni anglatadi. Zulqarnayn boshidagi kiyimi(dubulgʻasi)da oltindan ikkita shox bor edi. Mavlo Taolo unga paygʻambarlik yubordi. Urdilar shoxlari sindi. Yana aytishlaricha, u ikki qarnli boʻlib yashagan edi. Yana uning paygʻambarligiga ham ixtiloflar bor. Baʼzilar paygʻambar edi dedilar, baʼzilar Olloh yorliqagan malik edi dedilar.
”Kahf” surasidagi bu oyatni dalil qilib keltiradilar:”Darhaqiqat, Biz unga (Zurqarnaynga) bu Yerda saltanat-hukmronlik berdik va (koʻzlangan) barcha narsasiga yoʻl imkoniyat ato etdik”(18: 84)”.
Rabgʻuziy oʻzi yozgan soʻz boshida mengacha paygʻambarlar qissasi koʻp yozilgan ularndan oʻtib biror narsa deyishim qiyin deb maʼlumot beradi va kamtarligini ham namoyon etadi. Bitta shu jumlaning oʻzi ham ajdodlarimizning ilmga boʻlgan eʼtiborini anglatadi.
Rabgʻuziy Muhammad Rasululloh hayoti va faoliyatini goʻzal qahramonliklarning namunasi qilib koʻrsata olgan. Shuningdek, asarda Muhammad paygʻambar Hindistonga musulmonlikni qabul qilishlari uchun xat joʻnatgani taʼkidlanadi. Diplomatik aloqalarga ham oʻrin beradi.
Tabiiyki, asar tilida mavjud boʻlgan soʻzlarning ayrimlari bugungi kitobxon uchun tushunarsiz. Vaqt oʻtishi, turli ijtimoiy-siyosiy voqealarning sodir boʻlishi natijasida turkiydagi baʼzi soʻzlar oʻz umrini yashab boʻlgan va isteʼmoldan chiqib ketgan. Masalan: ud, uy-sigir; toʻra – qonun-qoida; uv – uy, joy kabi soʻzlar.
Shu bilan bir qatorda hayot sinovlariga bardosh bergan va bugungi kunda ham tilimizda faol qoʻllanilayotgan juda koʻp soʻzlar Rabgʻuziy yozib qoldirgan bebaho durdonaning har bir satrida uchraydi. Masalan, tishi-xotin soʻzi respublikamizdagi baʼzi viloyatlarning shevasida hali ham ishlatiladi.
Tirguk-tirgavuch. Xorazm shevasida u tirgak deb hozir ham ishlatiladi. Rabgʻuziy qoʻllagan ushoq soʻzi kichik, mayda-chuyda degan maʼnoni anglatadi. Bu soʻz Xorazm shevasida bugungi kunda jussasi kichkina bolalarga nisbatan ham ishlatiladi. Har holda qadimiy ushbu soʻzlar bugungi kunda oʻz mohiyatidan uzoqlashmagan. Sizloq – soʻzi asarda tish ogʻrigʻi maʼnosida ishlatilgan. Bugungi kunda ham qattiq ogʻriqli yaraga sizloq, sizlovuq deyiladi. Asarda takya qilmoq yaʼni yostiqqa suyanmoq soʻzi mavjud. Xorazm shevasida taka soʻzi bugun ham yostiq maʼnosida ishlatiladi. Tangmoq-oʻramoq; navmid-umidsiz, noumid; iya-ega, sohib; xarbuz-tarvuz; chanoq-yogʻoch idish, tovoq; ogʻ-toʻr, tuzoq; daf(dap)-doira; sichak (secha) – chumchuk; ovuch-kaft, hovuch; kirpich – gʻisht; ashoq-past; avlo-yaxshiroq, afzalroq; kezik(gazik)-navbat; qoʻndogʻlab-yoʻrgaklab; yurtugʻ (yirtiq kiyim – kechak)-teshik; oʻkcha-tovon; amurd (almurd)-nok; buz-muz. Xorazm shevasida bu soʻzlar bugun ham aynan shu maʼnoda ishlatiladi.
Koʻkilamoq-rashk qilmok; yozilamoq-yozilmoq; bagʻirsoq-rahmdil, oq koʻngil; isurmoq-mast, kayf. Bu soʻzlar ham hozir koʻpgina shevalarda ishlatiladi.
Shuningdek, oʻz mazmun – mohiyatidan biroz uzoqlashgan soʻzlar ham mavjud. “Bodiya” soʻzi asarda-choʻl, dasht, sahro, biyobon maʼnosida ishlatilgan. Xorazmda palov yeydigan maxsus idishni bodiya deb yuritishadi. Asarda “arigʻ” soʻzi pokiza, sof maʼnosida ishlatilgan. Xorazmda bugun bu soʻz ozgʻin, nimjon maʼnosida ishlatiladi. Asarda “yobon” soʻzi choʻl biyobon maʼnosida ishlatilgan. Xorazmchada bugun u yovon deb ishlatiladi. Choʻl, biyobondan tashqari qishloq maʼnosini ham anglatadi.
Asarning til nuqtai nazaridan yana bir qimmatli tomoni bor. Bugungi kunda oʻzbek tilida ishlatilayotgan astronomik, joʻgʻrofiy va boshqa yoʻnalishdagi terminlarning qadimgi ekvivalentini topsa boʻladi. Masalan, ruxom-marmar tosh; rishvat-pora; savmaʼa – xristianlar ibodatxonasi, monastr; qushlugʻ oshi-nonushta.
Ajdodlarimizning ilm sohasidagi ildizlari chuqur ekanligini anglatadigan soʻzlar ham mavjud. Aqron-sayyora; baqir-mis; Saqit – Zuhra, Venera; tuch-bronza.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Rabgʻuziyning paygʻambarlar haqidagi qissalari ham badiiylik, ham til nuqtai nazaridan katta eʼtiborga loyiq yozma yodgorlikdir. Unda qadimiy qadriyatlarimiz ila sharq falsafasi uygʻunlashib ketgan. Masalan, birinchi kitobdan oʻrin olgan as-samovati-Samoning siyrati, Sifati al-arazna-Yer siyrati qismi bilan tanishsangiz, rivoyatu hikmatlar dunyoviy ilmlarga ham uygʻunligini his etasiz. Bugungi fanda ham yer turli qatlamlardan iborat ekanligi aytiladi va har birining oʻz nomi bor. Bu asarda ana shu yer qatlamlarining kadimgi nomlaridan ogoh boʻlish mumkin.
Bu asar XIV asrning boshida yaratilgan boʻlsada, hamon oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Sharqona falsafamizga, milliy qadriyatlarimizga hamoxang asar oʻz goʻzalligi bilan dillarni ravshanlashtiradi.
Asarning birinchi kitobidagi “Bayt. Bahoriyot. Mavlono Nosiruddin Rabgʻuziy:” sarlavhali sheʼridan navroʻzi olam oʻsha davrlarda ham qadrli kadriyat boʻlganini anglaymiz:
Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navroʻzi,
Kechdi bahman, zamharir qish qolmadi qori buzi.
Bu misralarda zamharir qish kechdi, buz(muz) va qor ham ketdi, bahman (ilk bahorda keladigan qattiq sovuq) kechdi, hamal kelib navroʻzi olam oʻzligini namoyon qildi, deyilmoqda.
Darhaqiqat, bu kitob sharqona qadriyatlarimizga hamohang. Rivoyat va hikmatlar esa xalqimiz hayotining mazmun-mohiyatini, ezgulik, yahshilik, mehr-oqibat ila yashashga intilishini anglatadi. Paygʻambarlar haqidagi rivoyatlarning har birida esa katta hikmat bor. U ezgulikka, diyonatga, imonli boʻlishga chorlaydi.
Hurmatli kitobxon, quyida sizga chuqur hurmat va ehtirom bilan birinchi kitobning Odam Ato haqidagi qissani eʼtiboringizga havola etamiz.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi