Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan strategik vazifalarga muvofiq Samarqand davlat tibbiyot institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, uning institutsional, oʻquv-pedagogik salohiyatini kuchaytirish, oʻquv jarayonini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish, aholi salomatligini muhofaza qilish, reabilitologiya va sport tibbiyoti sohasida dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, shuningdek, hudud aholisiga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida:
1. Samarqand davlat tibbiyot institutining kuzatuv kengashi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Samarqand davlat tibbiyot institutini Samarqand davlat tibbiyot universiteti (keyingi oʻrinlarda – Universitet) etib qayta tashkil etish;
b) Universitet tarkibida quyidagilarni tashkil etish:
Samarqand viloyati, Samarqand tumani, Oʻrtashiq qishlogʻida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini;
Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetining koʻp tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasini (keyingi oʻrinlarda – Universitet klinikalari);
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi negizida Universitet huzuridagi L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasini;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazini;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazini.
2. Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va oʻquv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
Universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini taʼminlash;
respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va qadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
Universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyasion markaz, oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
Samarqand viloyati hamda qoʻshni hududlar sogʻliqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam oʻrganib borish, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida uzviy hamkorlikdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyish.
3. Belgilansinki:
a) Universitet Samarqand davlat tibbiyot institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan talabalar Universitetda mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida oʻqishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi Universitet diplomi beriladi;
v) Universitet klinikalari, akademik litseyi, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi hamda Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi oʻrinlarda – Universitet tarkibiy tuzilmalari) muassisi Universitet hisoblanadi va ularning faoliyati Universitet tomonidan muvofiqlashtiriladi;
g) Universitet tarkibiy tuzilmalari davlat muassasalari hisoblanadi va shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
d) Universitetning tarkibiy tuzilmalari rahbarlari Universitet Kengashining taqdimnomasiga koʻra sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
e) Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari (keyingi oʻrinlarda – texnikumlar va kollejlar) Universitetga biriktiriladi.
Bunda, Universitet:
texnikumlar va kollejlardagi taʼlim va amaliyot sifati uchun bevosita masʼul boʻlib, ularda zarur moddiy-texnika, oʻquv-metodik bazani yaratadi va oʻquv jarayoniga tajribali mutaxassislarni jalb etib boradi;
texnikumlar va kollejlarda faoliyat yurituvchi oʻqituvchilarga ilmiy-metodik jihatdan koʻmaklashadi;
klinikalari texnikumlar va kollejlar uchun klinik baza boʻlib xizmat qiladi;
kafedralari oʻz yoʻnalishida texnikumlar va kollejlarga zamonaviy oʻqitish metodikasi va texnologiyalarini oʻrgatadi, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning bilimini baholab boradi.
4. Quyidagilar:
2022-2025 yillarda Samarqand davlat tibbiyot universitetini kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat tibbiyot universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 2-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedralarini Samarqand viloyati tuman (shahar)lariga biriktirish roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, akademik litseyning oʻquv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, uning tuzilmasini, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, qabul parametrlari va taʼlim yoʻnalishlarini belgilash;
Universitetda bakalavriatning bitiruvchi bosqich talabalari uchun sogʻliqni saqlash tizimi birlamchi boʻgʻin muassasalari (koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari) hamda klinik bazalarda 6 oylik malakaviy amaliyot koʻrinishidagi subordinaturani joriy etish;
Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Universitet professor-oʻqituvchilarining xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalari (Scopus, Web of Science va boshqalar) tomonidan eʼtirof etilgan yuqori reytingli jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini qoplash.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
6. Universitet klinikalariga quyidagi huquqlar berilsin:
Universitet va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda klinikalarning umumiy oʻrinlar soni hamda amaldagi shtat birliklari doirasida shtatlar jadvalini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash;
pullik xizmatlar koʻrsatish boʻlinmalarini tashkil etish;
pullik malaka oshirish sikllari va zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha mahorat darslarini tashkil etish;
tibbiy xizmatlarni koʻrsatishdan tushgan daromadlar doirasida xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish miqdorlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga qarab mustaqil ravishda belgilash.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitetning ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi 2023 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–5199-son qarorida belgilangan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish tartibi va moliyalashtirish mexanizmi asosida faoliyat yuritadi;
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyati filiali yangi binoga koʻchirilishi munosabati bilan ushbu filialning boʻshaydigan Samarqand shahar, Maxdumi Aʼzam koʻchasi, 18-uy manzilida joylashgan binosi Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi hamda mazkur binoda Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, shuningdek, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.M.Boboyev), Moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) hamda Samarqand viloyati hokimligi (E.O.Turdimov) bilan birgalikda 2024-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida:
Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi joylashtirilayotgan Samarqand shahri, Maxdumi Aʼzam koʻchasi, 18-uy manzilidagi binoni kapital taʼmirlash va jihozlash uchun;
Universitetning ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi hududida ixtisoslashtirilgan endoskopik konsultativ-diagnostik va davolash boʻlimini tashkil etish, tegishli bino va inshootlarni qurish hamda zamonaviy endoskopik diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Quyidagilar:
a) Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Universitet klinikalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Universitet klinikalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
v) Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
mazkur institutlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
g) Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
mazkur tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov), Samarqand viloyati hokimligi (E.O.Turdimov) Universitet hamda Universitet tarkibiy tuzilmalarining professor-oʻqituvchilari va xodimlari ishtirokida hudud aholisining salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida (oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika) hamda barcha qishloq va mahallalarda joyiga chiqqan holda xizmat koʻrsatilishini taʼminlasin. Bunda, quyidagilarga eʼtibor qaratsin:
aholining salomatlik holatini, kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining tarqalganlik darajasini oʻrgangan holda aholini xavf guruhlariga tasniflash;
xavf guruhlariga koʻra, ularga individual maslahat berish, koʻrik va nazoratni amalga oshirish, sogʻlomlashtirish va reabilitatsiyaning individual choralarini belgilash;
aholi orasida eng koʻp tarqalgan va oʻlimning asosiy sababchisi boʻlgan kasalliklarni erta aniqlash choralarini koʻrish, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish;
aholining salomatlik holati, kasallikni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining tarqalganlik holati va kasallanish darajasidan kelib chiqib, maxsus elektron dastur asosida “Salomatlik profili”ni yaratish;
qishloq va mahallalarda “Salomatlik maktabi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, nafaqadagi oʻqituvchi va tibbiyot xodimlari, ziyolilar hamda yoshlardan iborat volontyorlik jamiyatlarini tuzish;
koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalarini tashkil qilish, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shifokor va hamshiralar tomonidan aholi orasida targʻibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, individual maslahat berish tizimini joriy qilish;
barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokor oldi koʻriklari orqali oʻrta tibbiyot xodimlari tomonidan eng koʻp uchraydigan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash, aholini antropometrik oʻlchovlardan oʻtkazish, 5 yoshgacha bolalarning oʻsishi va rivojlanishi monitoringini olib borish kabi vazifalarning mustaqil bajarilishini taʼminlash;
yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzi asoslari boʻyicha tibbiyot brigadasi vakillarining amaliy va nazariy bilimlarini oshirish;
aholi orasida toʻgʻri ovqatlanish asoslari, kasalliklar profilaktikasi, jismoniy faollik, shaxsiy va jamoat gigiyenasi, kun tartibini toʻgʻri tashkillashtirish va zararli odatlardan voz kechish boʻyicha targʻibotning zamonaviy uslublarini (aksiya, sport musobaqalari, tanlov, fleshmob) amaliyotga joriy qilish va ommalashtirish choralarini koʻrish.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) 2022 yil 1 dekabrga qadar Samarqand viloyati tajribasining natijalaridan kelib chiqib, uni boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida ham tatbiq qilish boʻyicha taklif kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Toʻychiyev, Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov, sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV